Toshkentdagi chang bo‘roni eng yomon bo‘ronlardanda xavfliroq – amerikalik olim
Olam
−
12 noyabr 2021
14287Amerikaning Milliy aeronavtika va koinot boshqarmasi (NASA) O‘zbekistonda sodir bo‘lgan chang bo‘ronini kosmosdan olingan suratlarini e’lon qildi. NASA g‘ayrioddiy chang bo‘roniga 55 mil tezlikdagi shamol sabab bo‘lganini ta’kidlagan.
El-Pasodagi Texas universitetining atmosfera olimi Tomas Gillga ko‘ra, Toshkentda bo‘lgan chang bo‘roni eng yomon bo‘ronlardanda yomonroq.
“Men ko‘rgan eng yuqori soatlik konsentratsiyalar Texasning El-Paso shahrida (AQSHning eng changli shahrida) qayd etilgan bo‘lib, har bir PM10 kubometr uchun taxminan 5000 mikrogramni tashkil qilgan”, deydi olim.
Gillning ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi bo‘ron vaqtida havodagi chang darajasi El-Pasoda sodir bo‘lgan holatdan taxminan to‘rt barobar yomonroq. Ushbu holat shahar hududidagi atmosfera havosi uchun o‘lchangan eng katta PM10 qiymatlaridan biri bo‘lishi mumkin.
NASA ma’lumotlariga ko‘ra, changning bir qismi Qozog‘istonning Turkiston viloyati shimoli-sharqidagi qurigan dala maydonlari, yaylovlar va o‘tloqlar sabab kelib chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 noyabr kuni O‘zbekistonning qator hududlarida, jumladan, Toshkent shahri, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida kuchli shamol esib, qumli bo‘ronlar hosil bo‘ldi. Ko‘rish darajasi 500-1000 metrgacha pasaydi. Buning oqibatida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko‘tarilib, atmosfera havosidagi chang miqdori belgilangan me’yordan 30 barobar oshdi.
Shamol avj olgan mahalda AQSHning Toshkentdagi elchixonasiga o‘rnatilgan havoning ifloslanishini aniqlash moslamasi poytaxt havosini “o‘ta nosog‘lom”, deb baholadi.
“O‘zgidromet” kuzatuvlariga ko‘ra, so‘nggi 150 yil ichida O‘zbekistonda bunday changli g‘ubor hodisasi kuzatilmagan. Sinoptiklar 12 noyabrgacha mamlakatda yog‘ingarchilik kutilmayotganini, shu sababli havodagi chang yana bir muddat saqlanib qolishi mumkinligini ma’lum qildi.
Joriy yilning 8 noyabr holatiga esa Toshkentda kuzatilgan qum bo‘ronidan keyin shahar havosi asta-sekin tozalanayotgani ma’lum qilindi.
LiveBarchasi