Toshkentda mashinalar tezligini cheklash taklif qilindi. Deputatlar uni rad etdi
Jamiyat
−
24 Sentabr 2022
8147Toshkentning ayrim ko‘chalarda avtomobillar uchun yuqori tezlikni soatiga 60 kilometrgacha cheklash taklif etildi. Ammo xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari taklifni rad etdi. Bu haqda kengash qarorida so‘z boradi.
Qarorga ko‘ra, Toshkent shahar Kengashi deputatlari poytaxt IIBB YHXB boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Nosirovning Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida transport vositalarining yuqori tezligini soatiga 60 kilometrgacha cheklash masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi hisobotini o‘rganib chiqqan. Natijada xalq deputatlari tomonidan bildirilgan taklif va e’tirozlarini inobatga olib navbatdagi sessiya kun tartibiga kiritilishi belgilangan.
Hujjatda qayd etilishicha, Toshkent shahar IIBB YHXB (R.Jalilov) yuqoridagi hisobot yuzasidan deputatlar tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olib hamda kamchiliklarni bartaraf etgan holda, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining Sanoat, transport, qurilish, kommunal soha va aholiga xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi muhokamasiga qayta kiritadi.
“Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining Sanoat, transport, qurilish, kommunal soha va aholiga xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan kiritilgan hisobot yuzasidan doimiy komissiya muhokamasida chuqur o‘rganib, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasi muhokamasiga kiritsin”, deyiladi hujjatda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 aprelida O‘zbekistan Prezidentining “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi respublika komissiyasi tashkil etilgandi. Komissiya qarori asosida Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlaridagi yo‘l harakati qatnovi yuqori bo‘lgan va aholi gavjum hududlarda transport vositalari harakatlanishining yuqori tezligi soatiga 60 kilometr etib belgilanishi mumkin.