Toshkentdagi 110 mingta uyni buzish boshlandimi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida 110 mingta uy buzilishi boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bunday xabarlarni rad etdi.

Bildirilishicha, ayni kunlarda mamlakatimizda ko‘p qavatli uy-joy fondining seysmik holatini o‘rganish va baholash ishlari olib borilmoqda. Bu tadbirlar aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida profilaktik tarzda amalga oshirilmoqda.

“Hozirda hech qanday rasmiy hujjatlarga ega bo‘lmagan bitta ob’ektda seysmik talablarga mos kelmaslik holati aniqlangan. Fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ushbu ob’ekt bo‘yicha belgilangan tartibda tegishli chora-tadbirlar ko‘rilgan”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ayni vaqtda ommaviy ravishda uy-joylarni buzishga oid hech qanday qaror yoki reja mavjud emas.

“Fuqarolardan ishonchsiz manbalar orqali tarqalayotgan asossiz xabarlarga ishonmaslik va rasmiy ma’lumotlarga tayanish so‘raladi. Yolg‘on axborot tarqatganlik uchun esa qonunchilikda javobgarlik belgilanganini eslatib o‘tamiz”, deyiladi vazirlik munosabatida.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 24 dekabrdagi “Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi tasdiqlangan. Bosh rejaga ko‘ra, poytaxt hududi 3 ta – konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilgan

Eslatib o‘tamiz, oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Urgut tumanida mansabdor shaxs tomonidan ekin ekishni xohlamagan fermerlarning yeri xitoyliklarga berilishi aytilgan video tarqalgandi. Mazkur mazmundagi bayonot yuzasidan esa Qishloq xo‘jaligi vazirligi raddiya bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing