Toshkentda jurnalist IIO xodimlari tomonidan ushlandi. AOKA munosabat bildirdi
3-sahifa
−
16 yanvar
11907Toshkentda reportaj tayyorlashga borgan jurnalist ichki ishlar xodimlari tomonidan asossiz olib ketilib, bir necha soat davomida idorada ushlab turilgani aytilmoqda. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Novosti Uzbekistana” nashri xodimi Mixail Dovlatov jurnalistik tekshiruv olib borayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlanib, javobgarlikka tortilgan. Bu esa ijtimoiy tarmoqlarda keskin munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
Nashrning bildirishicha, holat 14 yanvar kuni Uchtepa tumanida sodir bo‘lgan. U 11-dahada istiqomat qiluvchi aholi bilan uchrashishi kerak bo‘lgan. O‘z navbatida, fuqarolar 150 ga yaqin garaj hamda 98 ta daraxt o‘rniga bolalar bog‘chasi qurilayotgani to‘g‘risida ma’lumot berishi rejalashtirilgan. Dovlatov aholi bilan soat 13:00 da voqea joyida uchrashishga kelishgan. Shuningdek, u yerda Uchtepa tumani hokimligi vakillari, ekolog va boshqa ekspertlar taklif etilgan.
“Avtoturargohga kirishdan 50 metr narida bir guruh erkaklarga ko‘zim tushdi, ularning ayrimlari huquq-tartibot organlarining formasida edi, shuningdek, Isuzu avtozaki ham turardi. Ular yonidan o‘tar ekanman, menga murojaat qilishayotganini eshitib qoldim, o‘girilganimda fuqarolik kiyimidagi bittasi yana meni chaqirdi.
Yoniga borib, gap nimada ekanini bilmoqchi bo‘ldim. U esa bu yerda chekish taqiqlanishini aytdi. Men atrofda tamaki chekishni taqiqlaydigan biror belgi yo‘qligini bildirdim. U bo‘lsa, bu yer jamoat joyi hisoblanishi va bu yerda chekish umuman mumkin emasligini ta’kidladi…”, deydi jurnalist.
Shundan so‘ng, erkak uni tumanning 2-sonli ichki ishlar idorasiga olib borgan, telefon va texnikalari olib qo‘yilgan. Idorada undan nima uchun miting tashkillashtirmoqchi ekani so‘ralgan. Bir necha soat IIO FMBda ushlab turilgan jurnalistga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bo‘yicha javobgarlik belgilangan.
Voqeadan xabar topgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mazkur holatga huquqiy baho berish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlardan munosabat bildirishlari, shuningdek, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi maqsadida aniq o‘rganish hamda tegishli xulosa va choralar ko‘rilishi bo‘yicha Bosh prokuraturaga so‘rov xati yuborgan.
“OAV vakillarining kasbiy faoliyati davomida tazyiq o‘tkazish, to‘sqinlik qilish kabi holatlar so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash borasidagi davlat siyosatiga zid bo‘lib, Agentlik, o‘z navbatida, barcha darajadagi davlat idoralari xodimlarini axborot qonunchiligi hamda jurnalistlar vakolatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqiradi”, deyiladi AOKA munosabatida.
Shuningdek, agentlik O‘zbekiston qonunchiligida jurnalistlar huquqlari, axborot olish erkinligiga oid masalalar qator normalar bilan mustahkamlab qo‘yilganini eslatgan.