Toshkentda “Jihodchilar” qo‘lga olindi. Ularga topshiriq Suriyadan berib borilgan
Jamiyat
−
09 yanvar 2020
47877O‘zbekiston Respublikasida “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimi a’zolarining jinoiy faoliyatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xabar bermoqda.
Joriy yilning 7 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV-DXX xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida O‘zbekiston Respublikasida faoliyati taqiqlangan “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimining (DEO) bir guruh a’zolarining jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxslar O‘zbekiston hududida Suriyada panoh topgan terroristik uyushma a’zolarining topshiriqlarini bajarib kelishgan va aholi orasida qonunga xilof ravishda targ‘ibot olib borib, “Jihodchilar” DEO g‘oyalarini tarqatganlar hamda shu yo‘l bilan saflarini kengaytirishga qaratilgan noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etganlar. Shuningdek, ular yurtimizdagi yoshlar orasida o‘zlarining aqidaparastlik g‘oyalarini singdirib, Suriya hududidagi xalqaro terrorchilik tashkilotlarining safiga qo‘shilib, jinoyat sodir etishga da’vat qilganlar.
Ushlangan shaxslarda ekstremistik mazmundagi materiallar mavjudligi aniqlangan va protsessual tartibda olib qo‘yilgan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov-tezkor harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qarori bilan “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimi tashkiloti faoliyati O‘zbekiston hududida taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.
“Fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimizni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi da’vatlarga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklari, saqlamasliklari va tarqatmasliklarini so‘raymiz”, deyiladi IIV xabarida.
LiveBarchasi