Surxondaryo va Jizzaxdan so‘ng, Andijonda ham “Jihodchilar” qo‘lga olindi
Jamiyat
−
12 iyun 2020
16628Andijon viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qaroriga asosan terroristik deb topilib, mamlakat hududida faoliyati taqiqlangan “Jihodchilar” ekstremistik oqimi faoliyati aniqlandi. Bu haqda Respublika IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun, 12 iyun kuni Andijon viloyati IIB va DXX xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida ushbu guruhning bir guruh a’zolari qo‘lga olindi.
Ekstremistik faoliyatga aloqadorlikda gumon qilinayotgan Izboskan va Asaka tumanida yashovchi bir guruh fuqarolarning yashash manzillarida viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tintuv va olib qo‘yish tergov harakati o‘tkazildi. Guruh a’zolarining ayrimlarining telefon apparatlari va kompyuter qurilmalari xotirasida taqiqlangan adabiyotlarni elektron holda saqlangan. Aniqlanishiacha, mazkur ma’lumotlarni tarqatish orqali oddiy fuqarolarning ongini yot g‘oyalar bilan buzib kelgan.
“Dastlabki tergov - tekshiruv natijalariga ko‘ra, guruh a’zolarining ayrimlari avval mehnat migranti sifatida Rossiya Federatsiyasida ishlab yurishi davomida ekstremistik oqim a’zolarining ta’siriga tushgan va oqim g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab kelgan. Boshqalari esa internet orqali «Jihodchilar» oqimining aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi materiallarni ko‘rishi natijasida o‘zlari yot g‘oyalar ta’siriga tushgan va keyinchalik boshqalarni ham shu yo‘lga da’vat qilganligi aniqlanib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Surxondaryo viloyatining Boysun tumani hududida “Jihodchilar” ekstremistik oqimi faoliyat olib borayotgani ma’lum bo‘ldi. Joriy yilning 8 iyun kuni viloyat IIB va DXX xodimlari hamkorligida ushbu oqimning bir guruh a’zolarining noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.
Bundan tashqari, Jizzax viloyatida DXX va IIB xodimlari tomonidan ham "Jihodchilar" ekstremistik oqimining a’zolari qo‘lga olindi.
LiveBarchasi