Toshkentda yo‘lovchilardan naqd pul talab qilgan avtobus haydovchisi ishdan bo‘shatildi
Jamiyat
−
17 mart
4528Toshkent shahrida avtobus chiroqlarini o‘chirib, yo‘lovchilardan naqd pul talab qilgan avtobus haydovchisi ishdan bo‘shatildi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ axborot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, 13 mart kuni 72-sonli yo‘nalishda harakatlanuvchi avtobus haydovchisi hamda sohaga begona bo‘lgan fuqaro tomonidan shu kuni kech soat 19:50 larda yo‘nalishda harakatlanish davomida avtobus salonining chiroqlarini o‘chirgan holda yo‘lovchilardan yo‘l haqi uchun naqd pul talab qilingan.
14 mart kuni holat yuzasidan “2-Avtobus saroyi” filiali direktori J.L.Mannopov, filial mas’ul xodimlari, filial tasarrufidagi yo‘nalish haydovchilari hamda 72-sonli yo‘nalish haydovchisi J.X. bilan birgalikda tezkor tanqidiy yig‘ilish o‘tkazilgan.
Yig‘ilishda haydovchi J.X. ning sodir etgan qoidabuzarligi muhokama qilinib, korxona ichki tartib intizomini o‘ta qo‘pol ravishda buzgani uchun haydovchi J.X. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Shuningdek, mazkur holat bo‘yicha haydovchi J.X.ning sodir etgan qoidabuzarligiga huquqiy baho olish maqsadida hujjatlar to‘plami huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahar hokimining 2024 yil 13 dekabrdagi “Toshkent shahridagi jamoat transporti tizimida yo‘lkira haqini to‘lashda elektron to‘lov tizimidan foydalanishni rag‘batlantiruvchi tariflarni joriy etish to‘g‘risida” gi 918-14-0-Q/24-sonli qaroriga asosan, 2025 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent shahar avtobuslari salonida naqd pul qabul qilish amaliyoti to‘xtatilgan.
Avtobusdan foydalanganda yo‘l haqini elektron to‘lov turlaridan foydalangan holda amalga oshirish talab etiladi.
LiveBarchasi