Toshkentda yangi masjid qurilishi boshlandi
Jamiyat
−
12 fevral 2019
15367Ayni damda Toshkent shahridagi “Oq uy”, Toshkent viloyatidagi “Xo‘ja”, “Nodirxon qori” va “Erbo‘ta qozi” jome masjidlari qurilish ishlari olib borilmoqda. Kecha, 11 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi – muftiy Usmonxon Alimov ushbu masjidlarda bo‘ldi.
Usmonxon Alimov Toshkent shahri Mirobod tumanidagi “Oq uy” jome masjidi poydevoriga birinchi tamal toshini qo‘yib bergan.
Muftiy masjid ko‘rkam, barcha talab va ehtiyojlarga mos bo‘lishiga doir fikr-mulohazalarini bildirib, ayniqsa, namozxonlar uchun masjid kutubxonasini tashkil etish va tashrif buyuradigan nufuzli dunyo ulamolari, martabali mehmonlar bilan o‘zaro muloqot o‘tkazish uchun munosib shart-sharoitlar hozirlashni ta’kidlagan.
Masjid bir vaqtda ikki mingdan ortiq kishi namoz o‘qishiga mo‘ljallangan. Masjid poytaxt Toshkentga vodiy tomondan kirib kelish manzili – Farg‘ona yo‘li ko‘chasida joylashganini e’tiborga olib, yo‘lovchilar uchun alohida shart-sharoitlar tashkil etish belgilangan. Shuningdek, masjid yonida loyihada nazarda tutilganidek, mo‘’jaz mehmonxona va majlislar zali ham qad ko‘taradi.
Usmonxon Alimov Toshkent viloyatida barpo etilayotgan yangi masjidlarda borayotgan qurilish jarayonlari bilan tanishgan. Ulardan biri Quyi Chirchiq tumanidagi “Xo‘ja” jome masjidi. O‘tgan yili ushbu jomeni qayta qurish ishlari boshlangan edi. Mahalla ahlining sa’y-harakati ila masjid poydevori yangidan tiklanib, Usmonxon Alimov 11 fevral kuni masjid binosining birinchi g‘ishtini qo‘yib berdi. Yangi masjid 500 kishini o‘z bag‘riga sig‘diradigan xonaqoh, tahoratxona, xizmat xonalaridan iborat bo‘ladi.
Navbatdagi tashrif Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Nodirxon qori” jome masjidiga bo‘ldi. Sig‘imi mingdan ortiq kishiga mo‘ljallanayotgan mazkur jomega 2017 yil 9 noyabr kuni birinchi g‘isht qo‘yilgan edi. Hozirga kelib masjid binosi qad ko‘tarib, tom qismi yopildi.
Usmonxon Alimov Oqqo‘rg‘on tumanidagi yana bir qurilishi davom etayotgan “Erbo‘ta qozi” jome masjidida ham bo‘ldi. Masjid namozxonasining sig‘imi 500 kishilik bo‘lib, shu yilning oxiriga tugashi ko‘zda tutilgan.
LiveBarchasi