Toshkentda noqonuniy qurilayotgan “dom” maydoni cho‘kib ketdi
3-sahifa
−
21 avgust 15824 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Salar ko‘chasi Dilbuloq mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uylar hududida yer cho‘kishi yuzaga kelgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan poytaxt Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, mazkur hududdagi qurilish ishlari “Lyuks loyiha” MCHJ tomonidan ishlab chiqilgan loyiha hujjatlari asosida amalga oshirilmoqda. Loyiha uchun “Arxitektura va shaharsozlik kengashi” ishchi organi hamda “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUKning ijobiy xulosalari olingan.
Qurilish ob’ektining A bloki Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasidan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan. Shu kunga qadar inspeksiya tomonidan ob’ektda 10 marta monitoring o‘tkazilib, 11 ta yozma ko‘rsatma berilgan. Shuningdek, qurilish me’yor va qoidalariga rioya qilinmagani sababli buyurtmachi 2 marotaba ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Biroq, inspeksiya loyihaning G4 bloki bo‘yicha vaziyat boshqacha ekanini ma’lum qilgan. Ushbu blok “Arxitektura va shaharsozlik kengashi”dan ijobiy xulosa olgan bo‘lsada, “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUKdan xulosa olinmagan. Shu bois mazkur blok inspeksiyada ro‘yxatdan o‘tmagan va qurilish ishlari noqonuniy boshlangan. Holat yuzasidan inspeksiya tomonidan tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lumot berilgan.

Shuningdek, o‘rganish jarayonida buyurtmachi “O‘zkommaishiysavdo” MCHJ tomonidan G4 blok uchun kotlovan qazish ishlari olib borilayotganda hududdagi elektr transformatorida nosozlik yuzaga kelgani aniqlangan. Shu sababli kotlovandagi sizot suvlarini chiqarish imkoni bo‘lmagan, oqibatda suv darajasi ko‘tarilib ketgan. Buning ortidan esa qo‘shni “Grand Capital” MCHJ tomonidan ilgari qurilgan yerosti avtomashina turarjoyining qayta ko‘milgan joylarida tuproq siljishi yuz berib, sirpanishga sabab bo‘lgan.
Hozirda inspeksiya tomonidan mazkur holat bo‘yicha qo‘shimcha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida to‘liq hujjatlar to‘plamiga ega bo‘lmagan 59 ta ob’ektda qurilish ishlari butunlay to‘xtatilgandi.
Live
Barchasi