Toshkentda velosiped “ovchi”si 5 yildan ortiq muddatga qamaldi

3-sahifa

image

Toshkent shahrida 8 kun ichida 8 ta velosiped o‘g‘irlagan shaxs 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, 23 yoshli A.X. muqaddam ham o‘g‘rilik uchun sudlangan. Biroq u o‘ziga tegishli xulosa chiqarmagan. A.X. joriy yilning 27 may kuni taxminan 16:30 larda Toshkent shahar Mirobod tumani Afrosiyob ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birining yo‘lagiga kirib, qarovsiz qoldirilgan velosipedni o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan va velosiped egasiga 7 622 808 so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazgan. O‘sha kuni A.X. yarim tunda Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasidagi xonadonlarning birining oldidan 2 mln so‘mlik velosipedni yashirincha o‘g‘irlab ketgan. 

Velosiped “ovi”ga chiqqan A.X. 28 may kuni ham Safdosh ko‘chasidagi xonadon oldida turgan F.X.ga tegishli 1 mln 900 ming so‘mlik velosipedga o‘tirib, juftakni rostlagan. A.X. Kichik Beshyog‘och ko‘chasida qarovsiz qoldirilgan S.F.ga tegishli bahosi 2 mln 400 ming so‘mlik velosipedga ham “egalik” qilgan.

Shuningdek, u 29 mayga o‘tar kechasi Chilonzor tumani Charx Kamolon ko‘chasida qarovsiz qoldirilgan velosipedni minib ortga qaytgan. Bundan tashqari, u 30 may kuni Shota Rustaveli ko‘chasidagi xonadonlardan birining oldidagi bolalar maydonchasida tros bilan bog‘liq turgan 1 mln so‘mlik velosipedni o‘g‘irlagan. A.X. jinoiy faoliyatini yana davom ettirib, 1 iyun kuni Kosmonavtlar metro bekatiga kirish yo‘lagida turgan M.E.ga tegishli 1 mln 500 ming so‘mlik velosipedni ham o‘g‘irlab ketgan. U ishini 3 iyun kuni ham davom ettirgan va 1 mln 500 ming so‘mlik velosipedni o‘margan.

U ko‘p o‘tmay ushlangan. Sud majlisida sudlanuvchi A.X. aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan. O‘g‘irlagan velosipedlarni noma’lum shaxslarga sotib, pulni shaxsiy ehtiyojlariga sarflaganini tan olgan. Oqibatda A.X. sud hukmi bilan 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida xonadonning yerto‘lasiga tushib, jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan suv nasosini o‘g‘irlab ketgan va uni sotib, tushgan pullarni o‘z ehtiyoji yo‘lida ishlatib yuborgan erkak 6 yilga qamalgandi.


Maqola muallifi

Teglar

velosiped o'g'ri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing