Farg‘onada “shifoxona o‘g‘risi” ushlandi (video)

3-sahifa

image

Farg‘ona viloyatidagi shifoxonalarda davolanayotgan fuqarolarning pullari va tilla taqinchoqlarini o‘g‘irlagan 46 yoshli ayol qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 1980 yilda tug‘ilgan, Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yashovchi ayol Farg‘ona viloyatida bir necha bor o‘g‘rilik jinoyatini sodir etgan.

Jumladan, Farg‘ona shahri “Ibrat” mahallasidagi klinikalardan birida davolanayotgan Rishton tumanida yashovchi fuqaroning palatasiga qonuniy ravishda kirib, uning sumkasidan 300 AQSH dollari, 34 million 800 ming so‘m naqd pul hamda qiymati 51 million 300 ming so‘mlik tilla taqinchoqlarni yashirin ravishda o‘g‘irlab, voqea joyidan chiqib ketgan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv va surishtiruv tadbirlari davomida gumonlanuvchining shaxsi aniqlanib, u ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Aniqlanishicha, mazkur ayol ilgari ham o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlari uchun bir necha marotaba sudlangan bo‘lishiga qaramay, yana shu turdagi jinoyatlarga aloqador bo‘lib chiqqan.

Shuningdek, tergov davomida u 2024 yil 3 iyul kuni Qo‘qon shahridagi Turkiston ko‘chasida joylashgan bolalar shifoxonasida, shuningdek 13 iyul kuni Farg‘ona tumani “Yangi asr” mahallasidagi Endokrinologiya markazida davolanayotgan bemorlarning xonalariga kirib, ularning pullarini yashirin ravishda o‘g‘irlagani ham aniqlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Farg‘ona tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari Farg‘ona viloyati IIBning mulkiy jinoyatlarga qarshi kurash bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi ofislarning biridan 880 million so‘mni o‘g‘irlab ketgan shaxs qo‘lga olingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing