Toshkentda uchar taksilar xizmat ko‘rsatishni boshlaydi
Bu qiziq
−
09:55 5255 2 daqiqa
Toshkent shahriga 300 ta Svitchblade rusumidagi uchar taksilar olib kelinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalida ma’lum qilindi.
Loyihaga ko‘ra, ushbu transport vositalari oddiy avtomobil kabi yo‘lda harakatlanadi va zarur paytda qanotlarini ochib havoga ko‘tariladi. Rejaga ko‘ra, uchar taksilar 2028 – 2030 yillar oralig‘ida poytaxtga olib kelinadi. Loyiha Air Toshkent va Samson Sky kompaniyalari o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Mutaxassislarning aytishicha, bunday transport vositalari yirik shaharlarda tirbandlikni kamaytirishga yordam beradi. Shuningdek, hududlar o‘rtasidagi qatnov vaqtini ham ancha qisqartirishi mumkin.
Uchar taksilar uch turdagi dvigatel bilan ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Ular benzinli, elektr hamda quyosh paneli yordamida harakatlanadi. Bunday transport vositalari 800 km tezlikka chiqa oladi. Masalan, Toshkentdan uchgan uchar taksi taxminan 3-4 soat ichida Urganchga yetib borishi mumkin. Transport vositasining sig‘imi 3 kishidan 7 kishigacha bo‘ladi.
Transport vositasida sovitish, navigatsiya tizimi va avtopilot funksiyasi mavjud. Avtopilot tizimi orqali u haydovchisiz ham uchishi mumkin, biroq xavfsizlik sababli boshqaruv pultida operator bo‘lishi kerak.
Mutaxassislarning fikricha, bunday loyiha Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Toshkentda joriy etilishi mumkin. Bu esa mamlakatda yangi texnologiyalarni rivojlantirish, servis markazlarini yaratish va yangi ish o‘rinlarini ochishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyoda ilk bor 10 kishilik uchar taksi parvoz qilgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi