Toshkentda tilanchilik uchun bolasidan foydalangan erkak qamaldi

3-sahifa

image

Toshkent shahrining Sergeli tumanida tilanchilik uchun o‘zining 10 yoshli o‘g‘lidan foydalangan erkak qamaldi. Bu haqda shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

IIBB xabariga ko‘ra, u o‘zining o‘n yoshli farzandini ko‘chaga tilanchilik uchun chiqarib, kuzatib turgan vaqtida xodimlar tomonidan ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.

“O‘g‘lim tilanchilik qilgan. Meni 10 sutka jazoga tortilyapman. Qaramagandim, o‘g‘lim tilanchilikka chiqib ketgan ekan. Holat boshqa qaytarilmaydi”, degan sudlanuvchi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi tomonidan ushbu shaxsga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188-3-moddasi 2-qismi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi va 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi, BHMning bir barobari – 340 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Ma’lumot uchun, tilanchilik bilan shug‘ullanish yoki voyaga yetmagan shaxslardan bu yo‘lda foydalanish ma’muriy javobgarlikdan tashqari jinoiy javobgarlikka ham sabab bo‘ladi.

Jumladan, Jinoyat kodeksining 127-1-moddasiga ko‘ra, aeroport, vokzal, xiyobon, istirohat bog‘lari, bozor va savdo majmualari hududlarida, shuningdek ularga tutash hududlarda, avtomototransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari, ko‘chalar, stadion, bekat, yo‘llarning qatnov qismida, moddiy madaniy meros ob’ektlari joylashgan hududlarda, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy qimmatliklar berishni faol tarzda so‘rab, tilanchilik bilan shug‘ullanish, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, – 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Voyaga yetmagan, keksa yoshdagi, ruhiy kasalliklari, nogironligi bo‘lgan shaxslar va boshqalarni tilanchilik qilishga jalb etish, shuningdek shaxslarga alkogolli ichimliklarni yoxud giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalar bo‘lmagan, lekin shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi moddalarni majburan iste’mol qildirgan holda ularni tilanchilik qilishga jalb etish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining 100-200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1-3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Shuningdek, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar takroran sodir etilsa, 3-5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Yunusobod va Yangihayot tumanlarida tilanchilik qilgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgandi. Profilaktik tadbirlar davomida farzandini tirikchilik manbai qilib olgan, ularning hayotini xavf ostida qoldirayotgan ayollar ham uchragan. Ularning ko‘pchiligi 40 yoshdan oshmagan ayollar ekani ta’kidlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent shahri Sergeli tumani tilanchilik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing