Toshkentda tibbiyot xodimlari kaltaklandi

Jamiyat

image

Kecha, 19 fevral Toshkentda tez tibbiy yordam xizmati xodimlari tazyiqqa uchrab, jarohatlandi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tungi soat 23:13 da tez tibbiy yordam Sall-markaziga Toshkent shahri Yashnobod tumani Yashnobod 6-tor ko‘chasidagi xonadonlarning biridan chaqiriq tushgan. Tez tibbiy yordam brigadasi chaqiruv joyiga soat 23:25 da yetib borib, xonadondagi bemor  tezkor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va 23:40 da bemorning ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lganligi uchun zudlik bilan poytaxtdagi I.Irgashev nomli 4-son shahar klinik shifoxonasiga yetkazilgan.

Muassasa bosh shifokori B. Mamajonovning ma’lum qilishicha, shifoxonada 52 yoshli bemor D.N.ga “Gipertoniya kasalligi. Gipertonik kriz. O‘pka shishi va agonal holat” tashxisi qo‘yilib, zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. 

U paytda bemorning holati og‘ir bo‘lib, ko‘z qorachig‘i kengaygan, fotoreaksiya aniqlanmagan, nafas aktivligi kuzatilmagan holatda bo‘lgan, uyqu arteriyasida ham pulsni aniqlab bo‘lmagan va shu tariqa bemorda klinik o‘lim holati qayd etilgan. 

Bemorga sun’iy nafas yuborish, yurakni bevosita massaj qilish, defibrillyator orqali ta’sir qilish va boshqa muolajalar qilinib, yurak va nafas reanimatsiyasi 30 daqiqa davomida 3 marta qayta o‘tkazilgan. Standartlar bo‘yicha amalga oshirilgan tezkor muolajalarga qaramasdan, bemorda biologik o‘lim qayd etilgan. 

Bemorning vafoti haqida yaqinlariga ma’lum qilinganda uning farzandlari tomonidan xizmat vazifasini bajarayotgan shifokorlarga nisbatan sababsiz  jismoniy tazyiq o‘tkazilgan.

Buning oqibatida shahar tez tibbiy yordam xizmatining shifokori, 32 yoshli D.U.ga “Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, chap yonoq sohasi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi, ko‘krak qafasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, travmatik shok 1,2-daraja” tashxisi qo‘yilgan. Yana bir tez tibbiy yordam xizmat xodimi, 21 yoshli A.A. “Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, burun suyagining yopiq sinishi, ko‘krak qafasi sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi” tashxisi qo‘yilgan. Ular reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Ayni holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat yo‘llagan. Unda yuqorida qayd etilgan holatni qat’iy nazoratga olgan holda, aybdor shaxslar qattiq javobgarlikka tortilishini ta’minlashda amaliy yordam so‘ralgan.


Maqola muallifi

Teglar

SSV tez yordam

Baholaganlar

1571

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing