Toshkentda sun’iy ko‘l va suv havzalari tashkil etiladi
Jamiyat
−
25 noyabr 2025 1493 2 daqiqa
Toshkentda favvoralar soni ikki baravar ko‘payadi, sun’iy ko‘l va suv havzalari tashkil etiladi. Bu haqda kecha, 24 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonida so‘z boradi.
Farmon bilan poytaxtda ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha maxsus komissiya tuzilgan. Unga Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov rahbar etib tayinlangan.
Imzolangan hujjatga ko‘ra, poytaxtda mikroiqlim barqarorligini ta’minlash bo‘yicha yirik loyihalar boshlanadi. Uch oy muddatda shaharning to‘rt yo‘nalishi bo‘ylab kamida uchtadan sun’iy ko‘l va suv havzasi barpo etiladi. Shu bilan birga, ikki hafta ichida Toshkentdagi favvoralar sonini kamida ikki baravarga ko‘paytirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi va taqdim etiladi.
Issiqxonalar bo‘yicha nazorat keskin kuchaytiriladi. Bir haftada issiqxonalarni tabiiy gaz bilan ta’minlash bo‘yicha shartnomalar tuziladi. Shuningdek, 200 m²dan ortiq issiqxonalarda chang tarqatish va ekologik talablarni buzish bilan bog‘liq qonunbuzilishlar uchun jarimalar oshiriladi, yoqilg‘i yoqilishi holatlarida esa ob’ektlarni davlat foydasiga musodara qilishni nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlik tartibi joriy etiladi.
Maxsus komissiya atmosfera havosi sifatiga salbiy ta’sir qiluvchi moddalar yoqqan issiqxonalar va boshqa ob’ektlar faoliyatini vaqtincha to‘xtatadi yoki tugatadi.
Shuningdek, katta qurilish maydonlarida monitoring stansiyalari majburiy bo‘ladi. Maydoni 1 000 m²dan ortiq ob’ektlarda monitoring uskunalarini o‘rnatish va Ekologiya qo‘mitasi tizimiga ulash qurilishni davom ettirishning asosiy sharti etib belgilandi. Shuningdek, yo‘l bo‘ylarida daraxt va butalarni muntazam yuvish, ko‘p kvartirali uylarda sug‘orish uchun rezervuarlar o‘rnatish choralari ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalari (TIF TN kod 8509 80) O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilganda bojxona bojidan ozod etilishi ma’lum qilingandi.
Live
Barchasi