Toshkentda salkam 600 ming dona qalbaki dori ishlab chiqarganlar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkent viloyatida sal kam 600 ming dona qalbaki dori ishlab chiqargan yashirin sex faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, DXX xodimlari tomonidan bojxona idoralari bilan hamkorlikda amalga oshirilgpn tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Toshkent shahrida yashovchi 1984 yilda tug‘ilgan shaxs tomonidan ijara asosida olingan Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi xonadon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, u nafaqat qalbaki dori-vosititalarni ishlab chiqarish, balki uning noqonuniy savdosi bilan ham shug‘ulangani aniqlangan.

Dori vositalarini tayyorlashga mo‘ljallangan yashirin sexda tegishli hujjatlari bo‘lmagan va xavfsizligi kafolatlanmagan 49 nomdagi 594 127 dona “Futsis”, “Prosulpin”, “Ursosan”, “Arbidol” va boshqa dori vositalari topilgan. Bu dorilar 50 ta asbob-uskunalar, hususan stanok va qoliplar yordamida qo‘lbola usulda tayyorlab kelingan. Shuningdek, u yerda sifat talablariga javob bermaydigan 168 kg dori vositalarining homashyolari, etiketlari, yo‘riqnomalar, qog‘oz qutilar, bo‘sh idishlar hamda kapsulalar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Ushbu shaxsning Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi yashash xonadoni ham xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, 2 turdagi 28 640 dona tibbiyot dori vositalari, 2 turdagi 75 dona ampula, 2 turdagi 46 dona idishda suyuqlik, 3 nomdagi 26 ta turli dori vositalarining etiketkalari, nomsiz 18 280 dona suppozitoriylar va ularning markalari, 1 nomdagi 40 dona kapsula, shu bilan birga turli xil nomdagi dori vositalarining bo‘sh qutilari hamda 3 dona temir qoliplar borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan. 

Tergovga qadar tekshiruv davomida yashirin sex tashkilotchisi dori vositalarini tayyorlash uchun kerakli xomashyolarni internet tarmog‘i orqali noma’lum shaxslardan buyurtma orqali sotib olgani aniqlangan. 

Bildirilishicha, ashyoviy dalil sifatida olingan mazkur dori vositalari va asbob uskunalarning umumiy qiymati qariyb 10 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

“Ta’kidlash lozimki, qo‘lbola usulda ishlab chiqarilgan dori vositalari Toshkent shahri va Buxoro viloyatidagi bir nechta dorixonalarga tarqatilgan  bo‘lib, davom ettirilgan faol tadbirlar natijasida mazkur dori  vositalarining savdosiga chek qo‘yildi”, deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, hozirda sex tashkilotchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186 prim 3 moddasi (Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Mazkur yo‘nalishda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirda esa Toshkent shahrida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan shaxs va uning sherigi poytaxtdagi banklardan birining 1996 yilda tug‘ilgan xodimi o‘zaro kelishgan holda Xitoy davlatidan olib kelingan 798 ta qutidagi 574 560 dona infuzion sistema tibbiy buyumlarini 55 ming 700 AQSH dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tegishli xulosaga ko‘ra, umumiy qiymati 1 mlrd so‘mni tashkil qilgan mazkur tibbiy buyumlar foydalanishga yaroqsiz hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi hududida saqlash, sotish, tashish va tibbiyot amaliyotida qo‘llash taqiqlanadi.

Holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186 prim 3 moddasi (Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida olib borilgan tezkor tadbirda qalbaki va sifati kafolatlanmagan dori vositalarining savdosiga chek qo‘yilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent qalbaki dori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing