“Shon-sharaf” muzeyi QALAMPIR.UZ nigohida (fotoreportaj)
Jamiyat
−
09 may 2020
17000Bugun, 9 maydan e’tiboran Toshkentning Olmazor tumanida barpo etilgan “G‘alaba bog‘i” ochildi. Ushbu bog‘ markazida esa “Shon-sharaf” muzeyi qad rostladi.
Shu vaqtga qadar Ikkinchi jahon urushida O‘zbekistondan 1 million 500 mingga yaqin kishi ishtirok etgan, deb hisoblanar edi. Yangi topilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Shuningdek, 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani hujjatlar orqali o‘z tasdig‘ini topdi.
Minglab urush qatnashchilari O‘zbekistonda tashkil etilgan harbiy gospitallarda davolangan. Yangi aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, urush o‘chog‘iga aylangan o‘lkalardan yurtimizga 1 million 500 ming kishi, jumladan, 250 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilingan. Xalqimiz ularga o‘z uyidan joy berib, so‘nggi burda nonini ham baham ko‘rgan.
Shon-sharaf muzeyida ana shunday shonli tarix o‘z ifodasini topgan. Tarixiy fakt va voqealar zamonaviy texnologiyalar, interaktiv usullar yordamida aks ettirilgan.
Muzeyga kirish qismida O‘zbekiston xalq rassomi Alisher Aliqulov tomonidan chizilgan 22 metrlik panno joylashtirilgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘zbekistonlik yigitlarning frontga jo‘natilayotgani, oila a’zolari bilan vidolashuv onlari aks etgan.
Muzey oltita bo‘limdan iborat bo‘lib, 1-bo‘limda respublikamiz aholisining frontga safarbar etilishi, jang maydonlaridagi jasorati aks ettirilgan. Ikkinchi bo‘lim “O‘zbekiston – front uchun ishonchli tayanch qo‘rg‘oni” deb nomlangan. Keyingi bo‘limda urush yillarida yurtimizdagi ilm-fan, ta’lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash sohalari namoyish etilgan. 4-bo‘lim “Urush va g‘alaba haqida xotiralar, xalqning quvonch va shodligi” deb atalgan bo‘lsa, navbatdagi sho‘’bada urush yillaridagi badiiy adabiyot, san’at va matbuot haqida hikoya qilingan. “Mardlar jasorati mangu yashaydi” nomli 6-bo‘limdan 33 jildlik “Xotira” kitobi, shuningdek, bayram munosabati bilan nashr etilgan kitob-albom va boshqa eksponatlar o‘rin olgan.
Muzeydan 20 mingga yaqin eksponatlar joy olgan. Ularning barchasi arxiv hujjatlar va urush qatnashchilarining yaqinlaridan yig‘ilgan.
“Shon-sharaf” muzeyini so‘nggi yillarda O‘zbekistonda asos solingan zamonaviy va innovatsion muzeylardan biri deyish mumkin. Muzey ikki qavatdan iborat.
Muzeydan urushga daxdor buyumlar, liboslar, o‘sha vaqtdagi harbiy qismlar jangovar bayroqlari, haykallar, avtomobillar, urush qatnashchilariga oid qurollar, medal va hujjatlar o‘rin olgan. Ikkinchi qavatdagi eksponatlar esa respublik hududlari kesimida ajratib chiqilgan.
LiveBarchasi