Toshkentda “raygaz” xodimi 21 ming dollar bilan ushlandi (video)
3-sahifa
−
11 may 3625 1 daqiqa
Toshkent shahrining Sergeli tumanida gaz ta’minoti bo‘limi xodimi noqonuniy do‘konni rasmiylashtirib berish va gaz bilan ta’minlash evaziga 21 ming dollar talab qildi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Tezkor-qidiruv xizmati Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan fuqaroning arizasi asosida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Sergeli tumani gaz ta’minoti bo‘limida ishlovchi mas’ul shaxs tuman hududida joylashgan, hujjatlari noqonuniy bo‘lgan savdo shoxobchasini tanishlari orqali 16 ming AQSH dollariga rasmiylashtirib berish hamda ushbu savdo do‘koniga gaz tarmog‘ini ulash uchun ruxsatnoma olib berishni va’da qilib, 5 ming AQSH dollar talab qilgan. U jami talab qilingan 21 ming AQSH dollarni murojaatchidan olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan. Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4- qismi “a” bandi, 211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining tumanlaridan biridagi Kadastr bo‘limi boshlig‘i yer ajratish evaziga 3 ming dollar pora olgan edi.
Live
Barchasi