Toshkentda pedagogika universiteti talabasida koronavirus aniqlandi
Jamiyat
−
23 yanvar 2021
17145Kecha, 22 yanvar kuni Toshkent davlat pedagogika universiteti Rus tili va adabiyoti fakulteti talabasida COVID-19 infeksiyasi aniqlandi. Bu haqda universitet Matbuot xizmati xabar berdi.
Shundan so‘ng, ushbu talaba bilan aloqa qilganlar va fakultet hududidagi boshqa barcha talabalarga 14 kun davomida o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish rejimini o‘tkazish tavsiyasi berilgan.
O‘quv binosining 4-qavatidan foydalanayotgan Rus tili va adabiyoti fakulteti hamda Xorijiy tillar fakultetida ham ushbu nazorat choralari joriy qilingan. Bunda offlayn tartibda ta’limga qaytgan Rus tili va adabiyoti, Xorijiy tillar fakultetlarining barcha 1-kurs talabalari endilikda 14 kun davomida ta’limni masofaviy tartibda olishlari belgilangan.
Kelasi haftadan (24.01.2021) ushbu ikkala fakultetning 2-3-4-kurs talabalari qishki sessiya yakuniy imtihonlarini onlayn tartibda topshiradilar. 1-kurs talabalari esa ikki haftadan keyin (08.02.2021) imtihon topshirish uchun offlayn ta’limga qaytadilar.
Rus tili va adabiyoti, Xorijiy tillar fakulteti binolari, kirish-chiqish joylari va hududlari to‘liq izolatsiyaga olingan bo‘lib, u yerda 1 hafta mobaynida tibbiy-sanitariya tozalash ishlari amalga oshiriladi. Ushbu fakultetlarning hududi to‘la yopilgan va nazoratga olingan.
“Qolgan barcha fakultetlar talabalari to‘liq tartibda offlayn ta’lim darslarini va offlayn tarzdagi imtihon topshirish jarayonlari davom ettiradilar. Buning uchun barcha binolarning kirish va chiqish joylari har bir fakultet va kurslar uchun alohida marshrutlar asosida belgilangan yo‘laklar orqali amalga oshirilishiga rioya qilinadi.
Universitetning barcha kirish-chiqish joylari, bino va hududlari tana haroratini o‘lchovchi maxsus texnologik tibbiy asboblar va sanitariya vositalari bilan to‘liq jihozlangan. Universitetda maxsus tibbiyot xodimlari va shifokorlar guruhi muntazam faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘quv binolarida va talabalar turar joylarida favqulodda holatlar uchun izolyatorlar tashkil etilgan va yetarlicha kerakli dori-darmonlar sotib olingan. Vaziyat to‘liq nazoratga olingan, xavotirlanishga hojat yo‘q”, deyiladi OTM xabarida.
LiveBarchasi