Toshkentda ona go‘daklarini internetdagi “tanishi”ga tashlab ketdi
3-sahifa
−
21 iyun
8252Toshkent shahrida ona o‘zining ikki nafar yosh bolasini boshqa ayolga tashlab ketdi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Aniqlanishicha, poytaxtning Olmazor tumanida yashovchi Q.N. ismli ayolning yoniga ijtimoiy tarmoq orqali tanishgan M.M. ismli boshqa bir ayol kelib, uning ishonchiga kirgan hamda o‘zining ikki nafar bolasini Q.N.ga tashlab ketgan.
Ma’lum qilinishicha, voyaga yetmagan ushbu o‘g‘il bolalarning biri 2022 yilda tug‘ilgan hamda ikkinchisi ikki oylik go‘dak bo‘lgan. Qayd etilishicha, bundan 45 kun oldin tashlab ketilgan bolalarni Q.N. o‘zi boqib kelgan hamda shu muddat ichida ularning onasi M.M. biron marta ham ulardan xabar olmagan.
Hozirda 2 nafar go‘dak 3 yoshgacha bolalar uchun umumiy tipdagi bolalar uyiga vaqtincha joylashtirilib, holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
“Ayni paytda M.M. bilan aloqa o‘rnatilgan bo‘lib, uning qaramog‘ida bo‘lgan kichik yoshdagi farzandlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaganligi holatiga huquqiy baho berish jarayoni olib borilmoqda”, deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada 19 yoshli qiz chaqalog‘ini hojatxonada polga tashlab ketgandi. Oqibatda, bola vafot etgandi.
LiveBarchasi