Toshkentda odamlarning qariyb 3 mlrd so‘mini o‘g‘irlaganlar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkent shahrida zararli dasturlar orqali 133 kishining kartasidan qariyb 3 mlrd so‘mni o‘g‘irlagan shaxclar qo‘lga tushdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

Qayd etilishicha, respublika bo‘ylab e’lon qilingan “Xavfsiz kibermakon” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi hamda uning Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida bir guruh shaxslar Android qurilmalari uchun yaratilgan APK kengaytmali viruslarni fuqarolarga yuborib, ularning SMS-xabarnomalari, qo‘ng‘iroqlar hamda kontakt ma’lumotlarini o‘zlashtirish bilan shug‘ullanib kelayotgani aniqlangan. Tadbirlar davomida ushbu virusli dasturlar Telegram-guruhlariga ulangani, ushbu guruhda 11 nafar turli davlat vakillari jamlangani hamda ular fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini o‘g‘irlash bilan shug‘ullanib kelayotgani ma’lum bo‘lgan.

Toshkent shahri hududida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoiy guruhning 5 nafar a’zosi qo‘lga olingan. Ushbu shaxslarning yashash manzillari hamda telefon qurilmalari ko‘zdan kechirilganda, ular 133 nafardan ortiq fuqarodan jami 3 milliard so‘mga yaqin pul mablag‘larini o‘g‘rilik yo‘llari bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Bildirilishicha, hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar protsessual tartibda qo‘lga olingan. Ushbu jinoiy guruhga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha respublika bo‘ylab tezkor-qidiruv tadbirlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat soliq qo‘mitasi internet tarmog‘ida soxta veb-sayt yaratilib, O‘zbekiston fuqarolariga 100 mln so‘mgacha kompensatsiya to‘lab berilishi haqida Soliq qo‘mitasi raisi nomidan tarqalayotgan xabarlar yuzasidan ogohlantirish bilan chiqqan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent zararli dastur Xavfsiz kibermakon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing