Toshkentda odam o‘g‘irlagan jinoiy guruh ushlandi
3-sahifa
−
29 mart
14385Toshkent viloyatida bosqinchilik va odam o‘g‘irlashda gumonlangan jinoiy guruh qo‘lga olindi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, 1988 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan shaxs 2001 yilda tug‘ilgan fuqaroni noqonuniy yo‘llar bilan AQSHga yuborishni va’da qilib, undan 36 ming AQSH dollari miqdoridagi pullarni olgan. Biroq Meksika orqali AQSHga o‘tmoqchi bo‘lgan fuqaro chegara xizmati tomonidan qo‘lga olinib, O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. Shundan so‘ng u sarflangan pullarini qaytarishni talab qilib, 18 ming AQSH dollarini olgan. Uddaburon tadbirkor mijozining bu harakatlaridan keyin unga nisbatan adovati uyg‘onib, Toshkent shahrida yashovchi 1979 yilda tug‘ilgan shaxs bilan o‘zaro til biriktirib, Meksikadan qaytgan fuqaroni o‘g‘irlab, undan pul talab qilishni rejalashtirgan.
Ichki ishlar vazirligi tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida Yuqori Chirchiq tumanidagi dala hovliga o‘g‘irlab kelingan shaxsni va buyurtmani bajarish uchun talab qilingan pullarni qabul qilib olgan jinoiy guruh a’zolari ushlangan. Ulardan maxsus ishlov berilgan pullar va qo‘rqitish uchun saqlab kelingan metalldan yasalgan soxta pistolet ashyoviy dalil sifatida olingan.
"Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi "b" bandi (Bosqinchilik), va 137-moddasi 2-qismi "b" bandi (Odam o‘g‘irlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda IIV Tergov departamenti tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida profilaktika inspektorlari qasddan odam o‘ldirish jinoyati sodir etilganini ko‘ra-bila turib, hech qayerga ma’lum qilmasdan, jinoyatni yashirgani aniqlangandi.
Rayhona Ulkanbayeva