Toshkentda notkoin sotgan yana bir yigit qamaldi
3-sahifa
−
24 iyul
4750Navoiy viloyatining Karmana tumanida yashovchi 21 yoshli yigit noqonuniy notkoin oldi-sotdisi bilan shug‘ullangani uchun 10 sutkaga qamaldi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot kotibi Zokirjon Qo‘ziboyev QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Bildirilishicha, 2024 yil 28 iyun kuni Toshkent shahar IIBB kotibiyati tomonidan ro‘yxatga olingan fuqaro A.A. ning arizasi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilganda fuqaro G‘.Yo. ga tegishli telefon va plastik kartadan kripto-aktivlarning noqonuniy faoliyati bilan shug‘ullangani aniqlangan. U kripto-aktivni Telegram-messenjeriga yig‘gan va 20.000 dona notkoinni 150 AQSH dollari evaziga sotgan.
Sud qaroriga ko‘ra, yigit Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 155-4-moddasi (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Shuningdek, G‘.Yo.dan bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi, ya’ni 510.000 so‘m undirilishi belgilandi. Ashyoviy dalil sifatida olingan bir dona telefon apparati tegishli tartibda yo‘q qilinishi ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda notkoin sotgan 19 yoshli yigit 7 sutkaga qamalgandi.