Toshkentda narkotik tarqatgan “zakladchik”lar qo‘lga olindi

3-sahifa

image

“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlari doirasida Toshkent shahrida katta miqdordagi giyohvandlik moddalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan 2 nafar shaxs faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Tezkor qidiruv xizmati hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Onix rusumli avtomobil salonidan 81 dona turli o‘ramlardagi oq rangli, o‘tkir hidli kukunsimon moddalar borligi aniqlangan va ushbu ashyolar dalillar xolislar ishtirokida rasmiylashtirilib olingan.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, ularning ko‘rsatmasiga asosan, Yashnobod tumani 20-uy ko‘zdan kechirilgan vaqtida xonadonida turli xil yelim o‘ramlarga o‘ralgan kristallsimon moddalar, elektron tarozilar, ko‘p miqdordagi kukunsimon moddalar borligi aniqlangan. Ular ham tegishli tartibda rasmiylashtirilib, bayonot asosida olingan.

Shuningdek, tezkor tadbirlar davomida 2 nafar gumonlanuvchi bundan avval Bektemir tumani hududiga berkitib qo‘yishga ulgurgan “zakladka”lari topilib, qaytarib olingan. Gumonlanuvchilardan olingan noma’lum moddalar Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi Ekspert-kriminalistika markazi tomonidan ekspertizadan o‘tkazilgan. Uning xulosasiga ko‘ra, ushbu moddalar giyohvandlik vositalari ekani tasdiqlangan. Shu tariqa o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida ichki ishlar organlari xodimlari jami 1 kilogramm 697 gramm og‘irlikdagi giyohvandlik moddalarining tarqalishini oldini olgan.

Bildirishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi ochilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida 520 dona qadoqlangan holatdagi kuchli ta’sir qiluvchi psixofaol dori vositalarini yashirib tarqatayotgan 21 yoshli “zakladchik”lar ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent narkotik zakladchik giyohvandlik moddasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing