Toshkentda miting qilishga urinish bo‘ldi
Jamiyat
−
30 Oktabr 2023
98444Kecha, 29 oktyabr kuni Toshkentda Falastinni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ruxsat etilmagan miting o‘tkazish va unda qatnashishni rejalashtirgan fuqarolar Amir Temur xiyoboniga to‘plandi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi ma’lum qildi.
Bir necha kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda mitingga chaqiruvlar paydo bo‘lgan. Tarmoqlarda tarqalgan bannerlarda Amir Temur haykali va uning atrofida yig‘ilgan, qo‘llariga O‘zbekiston va Falastin bayroqlarini ko‘tarib olgan olomon tasvirlangan. Unda “Falastin bilan yelkama-yelka”, “15 sutka meni qo‘rqitmaydi” va “Ko‘pchilik bo‘lsak, bizni eshitishadi” degan yozuvlar bo‘lgan.
QALAMPIR.UZ ma’lumotlariga ko‘ra, Amir Temur xiyobonida 29 oktyabr kuni soat 14:00 lar atrofida odamlar yig‘ila boshlagan. Hududga yetib borgan huquq-tartibot idoralari xodimlari to‘planganlarga O‘zbekiston qonunchiligida ruxsat etilmagan miting o‘tkazish javobgarlikka sabab bo‘lishini tushuntirgan. Shundan so‘ng ko‘pchilik u yerni tark etgan.
Bizga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari xodimlarining talabini bajarmagan 5-6 kishi tegishli organlarga olib ketilgan. O‘zbekistondagi boshqa mahalliy ommaviy axborot vositalarining yozishicha, qo‘lga olib ketilganlar 100 dan ortiq.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 201-moddasiga ko‘ra, yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik tadbir tashkilotchisi tomonidan ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin yana sodir etilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lib, 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
LiveBarchasi