Toshkentda MIB mansabdorlari 200 mlrd so‘mlik ijro ishini asossiz tugatgani aniqlandi
3-sahifa
−
08 noyabr
5733Toshkent shahrida Majburiy ijro byurosining Shayxontohur tuman bo‘limi mansabdor shaxslari 202,9 mlrd so‘mlik 200 ta ijro ishini qonunchilik talablariga zid ravishda asossiz tugatgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, byuroning tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan “S.B” MCHJdan davlat foydasiga 19 mlrd so‘mlik, “P.P” MCHJdan 179,2 mln so‘m soliq qarzdorligini undirish to‘g‘risidagi ijro ishlari qonunchilik talablariga zid ravishda asossiz tugatilgani oqibatida ushbu soliq qarzdorliklari bugungi kunga qadar undirilmagan.
Shuningdek, “SCG” MCHJ dan 26,3 mlrd so‘m, “R.F.P.” MCHJdan 19,4 mlrd so‘m va “Ya.M.S.E.T” MCHJdan 1,7 mlrd so‘m davlat foydasiga soliq qarzdorliklarini undirish to‘g‘risidagi ijro ishlari mazkur korxonalar faoliyat yuritib kelayotgan manzili aniq bo‘la turib, asossiz tamomlangan.
Shu kabi “P.E.E.S” MCHJdan undiruvchi “B.P.T” MCHJning foydasiga jami 1,9 mlrd so‘m, “M.S.” MCHJdan undiruvchi “S.” AJning foydasiga 1,1 mlrd so‘m qarzdorliklarni, qarzdor B.P.dan undiruvchi N.G.ning foydasiga 332 mln so‘m jinoyat natijasida yetkazilgan zararni, qarzdor “M.T” MCHJdan davlat foydasiga 6,3 mlrd so‘m va 331 mln so‘m soliq qarzdorligini undirish to‘g‘risidagi ijro ishlari qarzdorning nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulklar mavjud bo‘la turib, asossiz yakunlangan.
Holatlar yuzasidan o‘rganish mobaynida to‘plangan hujjatlar asosida Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida olib borilgan tezkor tadbirda bojxona posti inspektor-surishtiruvchisi va soliq hamda Majburiy ijro byurosi xodimlari pora bilan qo‘lga olingandi.