Toshkentda “Mediapark”ning yana ikki xodimida va “O‘rikzor”da koronavirus aniqlandi
Jamiyat
−
06 iyun 2020
10244Kecha, 5 iyun kuni esa, O‘zbekistondaumumiy kasallanish ko‘satkichi kamayib, 68 nafarni tashkil etgan bo‘lsa-da, ulardan 17 nafari aholi orasidan aniqlangan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Shundan 9 nafari Toshkent shahridan, 4 nafari Qashqadaryo viloyatidan, 2 nafari Toshkent viloyatidan, Namangan va Buxoro viloyatlaridan 1 nafardan.
Jumladan, Toshkent shahridagi Olmazor tumanida nafaqadagi fuqaroda, Uchtepa tumanidagi “O‘rikzor” savdo majmuasida yana bir do‘kon sotuvchisi va uning 5 nafar oila a’zosi (onasi, ikki nafar qizi, o‘g‘li va jiyani)da koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan.
Aynan “O‘rikzor” savdo majmuasida o‘tgan may oyi davomida yuk tashuvchi bo‘lib ishlagan, so‘ngra doimiy yashash manzili Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumaniga qaytgan fuqaro va uning 3 nafar oila a’zosi (2 nafar akasi va qizi)da ham ushbu kasallik aniqlangan.
Toshkent viloyati infeksiya aniqlangan fuqarolarning 1 nafari Oqqo‘rg‘on tumanidan bo‘lib, harorati ko‘tarilgan va namuna topshirgan. Yana bir holat esa Qibray tumanida yashovchi fuqaroda qayd etilgan. U Yunusobod bozorida ziravorlar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan.
Bundan tashqari, Namangan viloyati Ichki ishlar hamda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yo‘l qurilish idorasi xodimi (tana harorati ko‘tarilgan va shifokor maslahati asosida tahlil topshirgan)da ham koronavirus tasdiqlangan.
Bugun ayni paytgacha Toshkent shahrida aholi orasida yana 3 nafar fuqaroda koronavirus aniqlangan bo‘lib, jumladan, Shayxontohur tumanidagi “Mediapark” savdo majmuasining yana 2 nafar xodimida ham koronavirus qayd etilgan. Yuqoridagi barcha holatlar bo‘yicha epidemiologik surishtiruv ishlari davom etmoqda.
"Tahlillardan oydinlashadiki, nafaqat “qizil” va “sariq” hududlar, balki “yashil” hududlarda ham koronavirus yuqtirib olish xavfi mavjud.
Bu barchamizni xushyor torttirishi, karantin qoidalariga qat’iy rioya etishimiz zarurligini ko‘rsatadi. Negaki, ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deganlaridek, umuman kutilmagan joyda, kutilmagan vaqtda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish mumkin.
Shu bois, Sog‘liqni saqlash vazirligi aholidan karantin va sanitariya qoidalariga so‘zsiz rioya etishni, kasallik alomati sezilgan zahoti shifokorga murojaat etishni hamda ko‘chada, ishxonada, safarda va umuman qayerda bo‘lishingizdan qat’iy nazar, bir lahza bo‘lsa-da, xushyorlikni yo‘qotmaslikni takror-takror so‘rab qoladi", deyiladi SSV xabarida.
Avvalroq, Shayxontohur tumanidagi “Mediapark” savdo majmuasining qo‘riqchisida koronavirus aniqlangandi.
LiveBarchasi