Toshkentda mashinalar tezligini cheklash bo‘yicha taklif nega qaytarilganiga izoh berildi
Jamiyat
−
26 Sentabr 2022
11392Toshkentning ayrim ko‘chalarda avtomobillar uchun yuqori tezlikni soatiga 60 kilometrgacha cheklash taklif etildi. Ammo xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari taklifni qaytargani haqida xabar bergan edik. Mazkur qaror yuzasidan Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi izoh berdi va taklif rad etilmaganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2022 yil 16 sentyabrdagi yetmishinchi sessiyasi kun tartibida Toshkent shahar IIBB YHXBning Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida transport vositalarining yuqori harakatlanish tezligini soatiga 60 kilometrgacha kamaytirish to‘g‘risidagi taklifi ko‘rib chiqilgan.
“Deputatlar tomonidan yuqorida kiritilgan taklifni muhokama qilish jarayonida aloqador idora va tashkilotlar bilan birgalikda har tomonlama va chuqur o‘rganish zarurligi, bunda Toshkent shahar ko‘cha va yo‘l tarmog‘i, aholining harakatlanish oqimlari yo‘nalishlarini va shu kabi bir qator omillarni hisobga olish zarurligi bildirildi.
Bayon etilganlardan kelib chiqib, deputatlar tomonidan mazkur taklif rad etilmagan bo‘lib, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasi muhokamasiga qayta kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi ma’lum qilinadi”, deyiladi rasmiy munosabatda.