Toshkentda kuchli ta’sir qiluvchi dori sotayotgan jinoiy guruh aniqlandi
Jamiyat
−
21 may 2021
9219Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosi shug‘ullanuvchi bir guruh shaxslarning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yishga qaratilgan tadbir o‘tkazildi. Unda katta miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotishga uringan jinoiy guruh faoliyati aniqlandi.
Dastlab, Toshkentning Chilonzor tumanida oldindan kuzatuvga olingan 2 nafar fuqarolar J.S. hamda A.K.lar 300 dona “Tropikamid” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini qonunga xilof ravishda sotayotgan vaqtida to‘xtatib qolingan.
Shundan so‘ng, fuqaro A.K.ning vaqtincha yashab kelayotgan xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, bu yerda fuqaro I.J. tomonidan ulgurji sotish uchun qadoqlab qo‘yilgan 496 dona “Tropikamid” va 19 dona “Zardeks gabapentin” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy ravishda saqlanayotgani aniqlangan.
Tezkor tadbir davomida fuqaro I.J.ga tegishli Lacetti rusumli avtotransport vositasi ham ko‘zdan kechirilganida, mazkur avtomashina salonida 1 dona qalbaki 100 AQSH dollari kupyurasi borligi aniqlangan.
Tadbir davomida, jinoiy guruh rahbari — fuqaro X.S.ning qing‘ir qilmishlariga ham chek qo‘yilgan. Ushbu shaxs boshqarib ketayotgan Captiva avtotransport vositasi ham to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, uning salonida 29 dona “Selofen zaleplon” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi ma’lum bo‘lgan.
Shundan so‘ng, ushbu shaxs yashab kelayotgan Chilonzor tumanidagi xonadon ko‘zdan kechirilganida, ushbu xonadonda 520 dona “Selofen zaleplon”, 219 dona “Regapen pregabalin” va 2 dona “Tropikamid” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu bilan birga, fuqaro X.S.ning Chilonzor tumanida joylashgan dorixonasi ham tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ko‘zdan kechirilganida, dorixonada sotuvchi Yu.O. tomonidan 139 dona “Zardeks gabapentin”, 337 dona “Karbamazepin” va 8 dona “Tropikamid” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari sotuvga qaratilgani fosh bo‘lgan.
O‘tkazilgan tadbirda dastlabki qiymati 200 mln so‘mdan ortiqni tashkil etuvchi 5 turdagi 2069 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining qonunga xilof muomalasiga chek qo‘yilgan.
Hozirda bojxona organlari tomonidan ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborilgan.
LiveBarchasi