Toshkentda koronavirusga chalingan homilador ayol farzandli bo‘ldi

Jamiyat

image

Bugun, 7 iyun kuni Toshkentdagi 3-sonli tug‘uruq majmuasida koronavirus infeksiyasiga chalingan beshariqlik homilador ayol farzandli bo‘ldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Jigar yetishmovchiligi bilan xastalangan 21 yoshli ayol joriy yil 19 may kuni Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridan charter reys orqali Toshkentga olib kelingan va karantinga olingan edi.

Unda homiladorlik birinchi yarmi yengil darajadagi toksikoz bilan kechgan. So‘nggi ikki hafta davomida esa oyog‘ida shishlar, nafas siqishi, xansirash, burun bitishi, tomoq qichishishi, ta’m va hid bilish sezgilarining yo‘qolishi, teri sarg‘ayishi boshlangan. Undan olingan tahlil natijalariga ko‘ra, ayolda koronavirus aniqlanib, mazkur 3-sonli tug‘ruq majmuasiga olib kelingach, birinchi navbatda, tahlillar olingan, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazilgan. 

Unda malakali shifokorlar, jumladan, akusher-ginekolog, epidemiolog, anesteziolog-reanimatolog, infeksionist-gepatolog, neonatolog kabi qator mutaxassislar ishtirok etib, zarur va tezkor davo muolajalari olib borilgan.

Joriy yil 6 iyun kuni homilador ayolda tug‘ruq boshlanib, tug‘ruq jarayoni 7 soat davom etgan. Tug‘ruqning ikkinchi davrida ayolda nafas yetishmovchiligi, holsizlik, qon bosimini keskin ko‘tarilishi kabi belgilar kuchayib, jarayon namlangan kislorod berish ostida olib borilgan. Shunga qaramay, tajribali shifokorlarning sa’y-harakatlari natijasida homilador ayol  o‘g‘il farzandli bo‘ldi. Eng muhimi, tug‘ruqdan keyingi davrda ayolning hayotiga xavf soluvchi asoratlar kuzatilmadi. 

Yanada quvonchlisi esa, chaqaloqdan koronavirusga olingan tahlil natijalari yosh murg‘akda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatgan.

Ayni paytda chaqaloqning holati qoniqarli bo‘lib, onasi bilan birga shifokorlarning tibbiy kuzatuvida bo‘lib turishibdi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

167

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing