Toshkentda koronavirusdan sog‘ayganlar 1000 nafardan oshdi
Jamiyat
−
29 may 2020
6539Toshkent shahri va Samarqand viloyatida 29 nafar bemor koronavirusdan butkul sog‘aydi. Bu haqda bugun, 29 may kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
"Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 16 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 6 nafar hamda Samarqand viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida 7 nafar, jami 29 nafar bemor butunlay sog‘aydi va reabilitatsiyaga kuzatildi", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning 10 nafari erkak, 6 nafari ayol bo‘lib, yoshi kattasi 63 yoshda, yoshi kichigi 2019 yil tug‘ilgan. Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, Toshkent viloyatidan 5 nafar, Andijon shahridan 3 nafar, Xorazm va Surxondaryo viloyatlaridan 2 nafar, Navoiy, Farg‘ona viloyatlari, Toshkent shahri va Qozog‘iston Respublikasidan 1 nafardan.
Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan tuzalganlarning barchasi erkak bo‘lib, yoshi kattasi 49 yoshda, yoshi kichigi esa 19 yoshda. Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari, Toshkent shahri hamda Tojikiston Respublikasidan 1 nafardan.
Shuningdek, Samarqandda tuzalganlarning barchasi ushbu (Toyloq tumanidan 4 nafar, Samarqand shahridan 2 nafar va Pastdarg‘om tumanidan 1 nafar) viloyatdan. Ularning 5 nafari erkak, 2 nafari ayol bo‘lib, yoshi kattasi 49 yoshda, yoshi kichigi 2020 yilda tug‘ilgan chaqaloq. Viloyatda endilikda sog‘ayganlar 265 nafarga yetdi.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahrida shu paytga qadar 997 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 1019 nafarga yetdi. Hozirga qadar mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar 2723 nafarni tashkil qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Hozirda mamlakatda koronavirusga chalinganlar 3468 nafarni tashkil qilmoqda. Bugungacha 14 nafar bemor vafot etgan.
LiveBarchasi