Toshkentda xitoylik ayolga tegajog‘lik qilgan erkak qamaldi
3-sahifa
−
20 mart
11571Bugun, 20 mart kuni Toshkentdagi yashash uyida xitoylik ayolga tejog‘lik qilgan santexnik ustidan Chilonzor tuman sudida ma’muriy ish ko‘rib chiqildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ'ga Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati rahbari Zokirjon Qo‘ziboyev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yilning 1 noyabr kuni chet el fuqarosi Bai Li Mei Chilonzor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilgan. Ayol yashash uyiga santexnika xizmatini bajarish uchun kelgan 28 yoshli S.U. unga shilqimlik qilib, quchoqlaganidan shikoyat qilgan. Xitoylik sayyoh huquqbuzarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Sud majlisida sudlanuvchi S.U. yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan aybiga iqrorligini, bunday holat boshqa takrorlanmasligini aytib, suddan yengillik berilishini iltimos qilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi S.U. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilgan va unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Qolaversa, sudlanuvchi hisobidan qamoqni har bir kuni uchun qabul qilish muassasasi foydasiga bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi, ya’ni 255.000 so‘m undirilishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Internetda Xoliqjon vines nomi bilan tanilgan vayner Xoliqjon Samadov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasi 1-qismi, 128-moddasi prim-5 2-qismi, 147-moddasi hamda 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 34-modda qo‘llagan holda unga nisbatan 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan edi.
LiveBarchasi