Toshkentda xalqaro Vestminster maktabi ochiladi
Jamiyat
−
17 aprel 2019
6340Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida “Toshkent shahrida xalqaro Vestminster maktabini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.
Qaror loyihasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tayyorlangan.
Qaror bilan Toshkent shahar hokimiyati va Xalq ta’limi vazirligining Toshkent shahrida xalqaro Vestminster maktabini (TXVM) ochish taklifiga roizilik berish ko‘zda tutilgan.
Quyidagilar TVXMning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari hisoblanadi:
- iqtidorli bolalarni topish, tanlab olish va o‘qitish, o‘quvchilarning har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratish, ilmiy-intellektual va ijodiy salohiyatini ochish;
- gumanitar, tabiiy va aniq fanlar chuqur o‘rganilishini, xorijiy tillar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari o‘zlashtirilishini tashkil etish;
- axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etgan holda ta’lim jarayoniga o‘quvchilarni o‘qitish va bilimini baholashning ilg‘or usullarini kiritish;
- o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish, ularda yetakchilik ko‘nikmalari va notiqlik san’atini rivojlantirish;
- xuddi shunday mahalliy va xorijiy muassasalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
TVXM mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi nodavlat o‘rta ta’lim tashkiloti bo‘ladi.
Maktabdagi o‘quv-uslubiy dastur va ta’lim jarayonini Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti hamda boshqa yetakchi xorijiy umumta’lim va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yuritish rejalashtirilmoqda.
Ingliz tilida, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim beriladi, bitiruvchilarga esa ta’lim olganligi to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjat (guvohnoma, attestat) bilan birga yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga kirish imkonini beruvchi xalqaro darajadagi tegishli dastur (International Baccalaureate, Advanced Placement ili International Advanced Levels) diplomini berish rejalashtirilmoqda.
Loyihada maktab uchun bir qator soliq imtiyozlari ham nazarda tutilgan.
LiveBarchasi