Toshkentda qariyb 600 mlnlik “svet” o‘g‘rilari ushlandi
3-sahifa
−
12:59 255 1 daqiqa
Toshkent shahrining Olmazor tumanida va Toshkent viloyatining Qibray tumani hamda Oxangaron shahrida jami yarim milliard so‘mdan ko‘proq elektr energiyasini talon-taroj qilganlar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, Departamentning Qibray tumanida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvida “Z.S.” MCHJ mas’ul shaxslari “Uzumzor” MFY hududidagi binosida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 279,7 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Shu bilan birga, Ohangaron shahridagi “P.P.” MCHJning “Birlik” MFY hududidagi qurilishi tugallanmagan binosida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 180,5 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Departamentning Toshkent shahar Olmazor tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, fuqaro B.S. “Chiltug‘on” MFY hududidagi umumiy ovqatlanish shoxobchasida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, 111,9 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi fosh etilgan.
Bildirilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda 3,1 milliard so‘mlik elektr energiyasini talon-taroj qilganlar qo‘lga olingan edi.
Live
Barchasi