Toshkentda fuqaro tabiatga deyarli 700 mlrd so‘m zarar yetkazdi
3-sahifa
−
08 yanvar
6284Toshkent viloyatida fuqaro tabiatga 700 milliard so‘m zarar yetkazdi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Ekologik nazorat inspeksiyasi xodimlari tomonidan Chirchiq daryosi hududida navbatdagi nazorat reyd tadbirlari o‘tkazilgan. Reyd davomida fuqaro A.Q. daryodan 1 dona Volvo rusumli ekskavator hamda 2 dona HOWO rusumli yuk transport vositasi yordamida tabiiy qum-shag‘al qazilib, “S.Q.M” MCHJ tosh maydalash sexiga tashib olib ketilayotgani aniqlangan. Natijada “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning hamda “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunning talablari buzilgan. Davlat inspektorlari tomonidan transport vositalari holatga oydinlik kiritilgunga qadar jarima maydoniga qo‘yilgan.
Yuqoridagi qonunbuzarlik oqibatida tabiatga 674 milliard 048 million 699 ming 520 so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va aybdorlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish maqsadida Bosh prokuraturaga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatida 2 bosh noyob qushni noqonuniy saqlab kelgan erkak tabiatga 1 yarim milliarddan ortiq zarar yetkazgandi. Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan dalolatnoma tuzilib, qushlar reabilitatsiya qilish va vaqtinchalik qonuniy to‘xtamga kelgunga qadar saqlab turish maqsadida Samarqand viloyatidagi “Zarafshon” milliy tabiat bog‘iga topshirilgan.
LiveBarchasi