Toshkentda doktor tavsiyasisiz dori qabul qilgan bemor shifoxonaga yotqizildi
Jamiyat
−
06 Sentabr
4063Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaroda shifokor tavsiyasisiz “Seftriakson” dori vositasini qo‘llash tufayli nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yashovchi A.X. o‘zida 3 kun davomida isitma, holsizlik kuzatilgandan so‘ng uy sharoitida davolanmoqchi bo‘lgan. U shifokor tavsiyasisiz, o‘zboshimchalik bilan “Seftriakson” va “Lidokain” dori vositalari aralashmasini onasi yordamida mushak orasiga qabul qilgan. Oradan chamasi 10 daqiqa o‘tgach, bemorda badan qaqshashi, kuchli holsizlik, nafas siqishi va qon bosimining me’yoridan oshib ketishi kuzatilgan.
Shundan so‘ng fuqaro tez yordam mashinasida dislokatsiya bo‘yicha dastlab Ergashev nomli 4-sonli shahar klinik shifoxonasi, keyin esa ixtisoslashgan yordam ko‘rsatish maqsadida Ibn Sino nomli 1-sonli shahar klinik shifoxonasiga olib borilib, standart bo‘yicha davo choralari qo‘llangan.
Bajarilgan muolajalar natijasida bemorda toshmalar, isitma, holsizlik kabi simptomlar bartaraf etilib, fuqaroning ahvoli yaxshilangandan keyin uyiga javob berilgan.
“Ushbu preparat qonunda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tgan hamda laborator tekshiruvlar natijasida sertifikatlashtirilib, tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun ruxsat etilgan. Shunga qaramasdan, bemordan qabul qilib olingan preparatlar ayni damda Markaz laboratoriyalarida qayta tekshiruvdan o‘tkazilmoqda”, deyilgan xabarda.
Markazga ko‘ra, “Seftriakson” preparati keng ta’sir doirasiga ega bo‘lgan antibiotiklar oilasining uchinchi avlodiga mansub ekani va u bakterial infeksiyalarni davolashda qo‘llanadi. Lekin shamollash, gripp va boshqa virusli infeksiyalar muolajasida ta’sir ko‘rsatmaydi. Bu preparat shifokor retsepti asosida beriladi va shifokor nazorati ostida qo‘llanadi. Undan uy sharoitida o‘zboshimchalik bilan foydalanish mutlaqo mumkin emas.
LiveBarchasi