Toshkentda direktor ro‘molli qizlarni haydagani aytildi. Poytaxt XTBB xabarga izoh berdi
Jamiyat
−
05 Oktabr 2021
13247Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Toshkentning Yashnobod tumanidagi 307-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi direktori to‘rt nafar o‘quvchi qizni ro‘moli uchun maktabdan haydab yuborgani, ertaga ro‘molsiz, kalta yubkada kelsa maktabga kirgizishini aytgani haqida xabar tarqalgandi.
Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi mazkur holat bo‘yicha munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, mazkur postda aytilgan fakt Yashnobod tuman Xalq ta’limi bo‘limi ishchi guruhi o‘rganish olib borgan. Yakunda bu xabar o‘z isbotini topmagan.
“Mazkur umumta’lim muassasasida o‘quvchi-qizlar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan qo‘yilgan talablarga mos holda kiyinish madaniyatiga rioya qilishmoqda. Bundan tashqari, maktab hududida kiyinish madaniyatiga rioya qilmaydigan qizlar bilan doimiy ravishda maktab ma’muriyati, jumladan, pedagoglar tomonidan albatta madaniyat va odob chegarasidan chiqmagan holda suhbatlar amalga oshirilmoqda”, deyiladi boshqarma xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 2021-2022 o‘quv yili boshlanishi arafasida o‘quvchi qizlar maktabda oq va ochiq ranglarda milliy ro‘mol va do‘ppida bo‘lishlari mumkinligini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi