Toshkentda ikki haftada 482 kishida koronavirus aniqlangan. 57 holatda manba noma’lum
Jamiyat
−
16 iyun 2020
5501Avval xabar berganimizdek, bugun, 16 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmat ko‘rsatish va ichki turizm sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Tadbir avvalida Prezident koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtalib, oxirgi paytda mamlakatda bu kasallikka chalinganlar soni oshgani, eng yomoni, aholi o‘rtasida ham ko‘plab ro‘y berayotganiga e’tibor qaratdi.
Jumladan, Toshkent shahrida so‘nggi ikki haftada kasallangan 551 nafar fuqarodan 482 tasi aynan aholi orasidan aniqlangan. 57 holatda virusni yuqtirish manbai noma’lum qolayotgani afsuslanarli. Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida ham shunday xavotirli holat kuzatilmoqda.
“Bularning barchasi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tobora murakkab tus olayotganini ko‘rsatib turibdi. Bugun pandemiyaga qarshi kurashishda hushyorlik va mas’uliyatni o‘n karra oshiradigan yangi bosqich boshlanmoqda, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu bosqichda karantin qoidalariga qat’iy amal qilishimiz shart. Har bir ishimizni ehtiyotkorlik bilan, oqibatini puxta o‘ylab, nafaqat o‘zimiz, balki oilamiz va farzandlarimiz oldidagi mas’uliyatni chuqur his etib bajarishimiz kerak. Aks holda, barcha sa’y-harakatlarimiz yo‘qqa chiqishi hech gap emas. Ishonchim komil, ancha bilim va tajriba orttirgan, bag‘rikeng va matonatli xalqimiz bu bosqichdan ham, albatta, munosib o‘tadi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Respublika maxsus komissiyasiga o‘z faoliyatini qayta boshlayotgan korxona va tashkilotlar, bozor va savdo majmualarida dezinfeksiya ishlari hamda sanitariya nazoratini kuchaytirish, ommaviy axborot vositalari orqali aholi va mehnat jamoalari orasida tushuntirish ishlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Aholiga xizmat ko‘rsatadigan, ular bilan bevosita muloqotda bo‘ladigan barcha muassasalar xodimlarini koronavirus bo‘yicha muntazam testdan o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
LiveBarchasi