Toshkentda uyning devoriga zilzila oqibatida zarar yetgani aytildi
Jamiyat
−
23 mart 2023
17972Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida joylashgan ko‘p qavatli uylarning birida zilzila oqibatida fasad qismiga zarar yetgani aks etgan video tarqaldi. Holat bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur holat Yashnobod tumanida joylashgan "First developing group" MCHJga tegishli ob’ektlarning biriga g‘isht ishlab chiqaruvchi "Stone Brick" MCHJ tomonidan sifatsiz g‘isht mahsulotlari yetkazib berilishi oqibatida yuzaga kelgan.
Ayni paytda buyurtmachi tomonidan sud organlariga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida da’vo arizasi kiritilgan. Binoning fasad qismini ta’mirlash ishlari aprel oyida to‘liq yakunlanishi belgilab olingan.
Xabar qilinishicha, vazirlik ishonch telefoniga zilzila oqibatida vayron bo‘lgan yoki zarar yetkazilgan binolar haqida murojaat kelib tushmagan.
Eslatib o‘tamiz, 21 mart kuni Toshkent vaqti bilan 21:47 da Afg‘onistonda zilzila sodir bo‘ldi. Mazkur zilzila O‘zbekiston hududlarida ham sezilib, 5-6 ballni tashkil qilgan.
Shuningdek, O‘zbekistonda bugun, 23 mart kuni soat 1:07 da zilzila qayd etildi. FVV Seysmoprognostik monitoring Respublika markazining xabar qilishicha, Toshkent vaqti bilan 01:07 da Tojikistonda zilzila sodir bo‘lgan. Yer silkinishi 5 ballga teng bo‘lib, uning epimarkazi Toshkent shahridan 217 km janubi-sharqda bo‘lgan.
LiveBarchasi