Toshkentda Berdimuhamedovning ilk kitobi taqdimoti bo‘ldi
Jamiyat
−
23 fevral
4727O‘zbekiston Milliy universitetida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov muallifligidagi “Yoshlar – Vatan tayanchi” nomli birinchi kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda universitet matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bildirilishicha, kecha, 22 fevral kuni tashkil etilgan marosimda Turkmanistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Shadurdi Meredov, Madaniyat vazirligi rasmiysi, universitet rektori, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, rais o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, Respublika Turkman milliy madaniy markazi raisi Guldana Avezdurdiyeva, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Bahodir Karimov va O‘zMUda tahsil olayotgan turkmanistonlik talabalar ishtirok etgan.
Taqdimotda so‘zga chiqqanlar Turkmaniston rahbari birinchi kitobining mazmuni, uning yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati haqida so‘z yuritgan. Shuningdek, kitobda tilga olingan turkman yoshlarining davlat va xalqaro miqyosdagi turli tanlovlar, ilmiy, ijodiy va sport musobaqalari, nufuzli fan va intellektual olimpiadalarda erishgan natijalari aytilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalardagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlari va istiqbollarini belgilagan holda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish borasida tarixiy ishlar amalga oshirilgani qayd etilgan.
Professor Bahodir Karimov o‘z nutqida Berdimuhamedovning ilk kitobi jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgani, yoshlarni ilm-fanga, har tomonlama sog‘lom bo‘lishga chaqirayotganini ta’kidlagan.
Turkman madaniyati markazi rahbari Guldane Avezdurdiyeva esa Turkmaniston Prezidentining birinchi kitobi juda tushunarli tilda yozilgani, ma’lumotlarning to‘liqligi va qiziqarliligi bilan o‘quvchini o‘ziga jalb etishini urg‘ulagan.
Eslatib o‘tamiz, bugun 23 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovdan maktub kelgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi