“Arqadag‘” Mirziyoyevga maktub yo‘lladi
Jamiyat
−
23 fevral
10861O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovdan maktub keldi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, maktubda O‘zbekistonda buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iyning 300 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida qabul qilingan qaror uchun Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik bildirilgan.
“O‘zbekistonda Maxtumquli Firog‘iyning 300 yillik yubileyi keng nishonlanishi xalqlarimiz va davlatlarimiz o‘rtasidagi birodarlik rishtalarining buzilmasligi, tarixiy taqdirlari mushtarakligi, yakdilligimiz va hamisha birga bo‘lishga tayyorligimizning navbatdagi tasdig‘i bo‘lishiga ishonch bildirilgan”, deb yozadi Asadov.
Shuningdek, Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston Prezidentiga mustahkam sog‘liq, farovonlik, faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik va ravnaq tilaklarini izhor etgan.
Ma’lumot uchun, 19 fevral kuni Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonda Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligi keng nishonlanlash to‘g‘risida qarorni imzolangan. Unga ko‘ra, yubiley bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaga Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qiladi. Yubiley bayrami doirasida Maxtumqulining tanlangan asarlari, uning hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar to‘plamini nashr etish rejalashtirilgan. O‘zbekiston va Turkmaniston kinoijodkorlari hamkorligida badiiy film yaratilib, shoir hayoti va ijodi haqida spektakl sahnalashtiriladi.
Toshkentda o‘zbek va turkman xalqlarining do‘stlik va qardoshlik aloqalari haqidagi tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Xivada “Maxtumquli ijodining o‘zbek adabiyoti va san’atida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tadi.Oktyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida Maxtumquli Firog‘iy xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy kecha bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi