Toshkentda ajiotaj: bozorlarda shakar uchun navbatlar paydo bo‘lmoqda

Jamiyat

image

Oxirgi kunlarda O‘zbekistonning ayrim bozorlarida shakar uchun katta navbatlar kuzatilmoqda. Bugun, 9 iyun kuni “Chorsu” bozorida ham shakar uchun navbatlar yuzaga keldi, deb xabar bermoqda QALAMPIR.UZ muxbiri voqea joyidan.

"Chorsu" bozoridagi bir nechta nuqtada 50-60 chog‘li odam shakar uchun navbatda turibdi. "Elga xizmat" rastalarida shakar 10 ming so‘mdan sotilyapti va bir kishiga 5 yoki 3 kilogrammdan berilmoqda. Do‘konlarda shakar narxi 15-18 ming bo‘lganiga odamlar quyoshda navbatda turishiga to‘g‘ri kelyapti.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolardan shahardagi yirik supermarketlarda ham shakar uchun turnaqator tartibsiz navbatlar yuzaga kelayotganini ko‘rish mumkin.

“Nigoh” kanalining yozishicha, mutaxassislar vahimaga asos yo‘q — O‘zbekistonda shakar taqchilligi bo‘lmaydi deb hisoblamoqda.

Qayd etilishicha, ajiotajni kamaytirish maqsadida iyun oyida bir oy oldingiga nisbatan 50 foizga ko‘proq – kuniga 3 ming tonna shakar birja savdolariga qo‘yiladi.

Bu yil shakar ishlab chiqarish hajmi 720 ming tonnani tashkil etadi, bu o‘tgan yilga nisbatan 22 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, shakar va uning xomashyosini import qilish hajmi o‘tgan yilgi 643 ming tonnadan 900 ming tonnaga oshadi.

Natijada joriy yil oxirida ishlab chiqariladigan va import qilinadigan tayyor shakar qoldig‘i 118 ming tonnadan oshishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

shakar

Baholaganlar

591

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing