Toshkentda avtobus bekatlaridagi do‘konlar olib tashlanadi

Jamiyat

image

Toshkent shahridagi avtobus bekatlarida endi savdo do‘konlari bo‘lmaydi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bir muddat oldin Yo‘l harakatini tashkil etish markazi mutaxassislari shahardagi eng tirband 472 kilometr avtomobil yo‘lini aniqlagan va ustuvor yo‘nalishlarda ishlar boshlagan. Birinchi bosqichda 100 kilometr hudud qamrab olinib, 360 dan ortiq bekat hamda 190 ta katta-kichik chorraha o‘rganib chiqilgan.

Audit natijalariga ko‘ra, jamoat transporti yo‘nalishidagi bekatlar hududida 110 ta savdo ob’ekti joylashgani aniqlangan. Shundan 61 tasi bekat majmuasiga egalik qilish yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim eta olmagan. Ushbu holatlar bo‘yicha huquqiy baho berilib, tegishli choralar ko‘rilishi qayd etilgan.

Shahar hokimligining qaroriga muvofiq, barcha bekatlar bosqichma-bosqich yangilanadi. Ruxsat beruvchi hujjatlarga ega tadbirkorlarga esa savdo nuqtalarini boshqa joyga ko‘chirish uchun hudud ajratish va kompensatsiya to‘lash mexanizmi joriy etiladi.

Hokimlikka ko‘ra, zamonaviy jahon amaliyotida ham jamoat transporti bekatlarida savdo ob’ektlari joylashtirilmaydi. Bekatlar yo‘lovchilar transportni erkin va xavfsiz kutishi, platformalar keng va qulay bo‘lishi, tirbandlik paytida ularni kengaytirish imkoniyati yaratilishi hamda inklyuziv muhit ta’minlanishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida yo‘l harakati holatini yaxshilashga qaratilgan “Dolzarb 90 kunlik” e’lon qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent shahri jamoat transporti avtobus bekatlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing