Toshkentda 4 yoshli qizcha yurib ketayotgan mashinadan tushib qoldi (video)
3-sahifa
−
10 Oktabr 2025 13224 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida 4 yoshli qizcha yurib ketayotgan mashinadan tushib qolgani aks etgan videolar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, kecha, 9 oktyabr kuni soat 08:30 larda Toshkent shahar Sergeli tumani 10-sonli poliklinika binosi qarshisida 1964 yilda tug‘ilgan haydovchi B.I. VAZ-2115 rusumli transport vositasini boshqarib, svetafordan qo‘zg‘algan vaqtida 2021 yilda tug‘ilgan yo‘lovchi M.B. orqa chap eshigini tashqariga ochib yuborgan. Oqibatda u mashina salonidan tashqariga yiqilib tushgan. Ma’lum bo‘lishicha, qizchani bobosi bog‘chaga olib ketayotgan bo‘lgan.
“Nabiramni ertalab soat 8-8:30 larda har doim bog‘chaga olib boraman. Oynani yop deganimda u eshikni ochib yuboribdi. Odamlar meni ogohlantirdi. Orqamga qarasam nabiram yo‘q. Keyin ortga tezda qaytdim. Nabiramni bitta odam ko‘tarib olgan ekan. Hech qayeriga hech narsa qilmabdi. Ahvoli yaxshi”, deydi qizchaning bobosi.
Bildirilishicha, hozirgi vaqtda holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Quva tumanida yo‘l harakati qoidalariga amal qilmagan haydovchi 9 yoshli bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgandi. U o‘ziga ishonch qog‘ozi bilan biriktirilgan Damas bilan piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 66-maktabning uchinchi sinf o‘quvchisini urib yuborgan va oqibatda o‘quvchi vafot etgan.
Live
Barchasi