Toshkentda 3 erkak 20 yoshli qizni o‘g‘irladi

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum shaxslar Cobalt rusumli avtomobilda qizni o‘g‘irlab ketayotgani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumot berdi.

Bildirilishicha, voqea poytaxtda sodir bo‘lgan. Qizni o‘g‘irlashni tashkil qilgan shaxs 1994 yilda tug‘ilgan A. ismli yigit bo‘lib, u o‘z tanishlari bilan til biriktirgan holda 2004 yilda tug‘ilgan I. ismli qizni o‘g‘irlab ketgan.

“Birinchi o‘g‘rilik uyim yaqinida sodir bo‘ldi. Videoda uch nafari ko‘rinib turibdi. Keyinroq menga tushuntirishlaricha, u kameraga tushishni istamagan. Menda haligacha bitmay kelayotgan kichik chandiqlar qolgan. Bosh bilan urilganimdan keyin tez-tez bosh og‘rig‘i paydo bo‘ladi”, deydi qiz.

Ayni paytda u bilan psixologlar va ichki ishlar organlari xodimlari ishlamoqda.

QALAMPIR.UZ bu borada batafsil ma’lumot olish maqsadida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi Nilufar Isoxonova bilan bog‘landi.

Uning bizga ma’lum qilishicha, qiz uni o‘g‘irlab ketgan to‘daning boshi A. bilan o‘zaro ishqiy munosabatda bo‘lgan. Qiz yigit bilan ketishni xohlamagan, shuning uchun yigit uni o‘g‘irlashga qaror qilgan. U 2024 yilning noyabr oyida qizni toqqa ham olib qochib ketgan.

Qizning ota-onasi I.ning yo‘qolib qolgani haqida ichki ishlar idorasiga ma’lum qilgan. Ammo bir necha kun o‘tib qizning o‘zi qaytib kelgan hamda hech qanday da’vosi yo‘qligini aytgan.

Joriy yilning 26 yanvar kuni qiz ikkinchi marta o‘g‘irlab ketilgandan keyin noyabrdagi birinchi o‘g‘rilik videosi internetga chiqarilgan. Shundan so‘ng 28 yanvar kuni poytaxt IIBB tomonidan qiz topilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 137-moddasi (odam o‘g‘irlash) va 138-moddasi (zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. O‘g‘irlashda ishtirok etgan barcha shaxslar aniqlangan va qo‘lga olingan. Ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

“Mazkur holat Toshkent shahar IIBB boshlig‘i nazorati ostida. Tergov yakunlangach, qonuniy qaror qabul qilinadi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida 24 yoshli yigit o‘zining mahalladoshi bo‘lgan 17 yoshli qizni olib qochib ketgandi. Ma’lum bo‘lishicha, yigitning sovchilari qizning ota-onasidan rad javobini olgan. Shundan so‘ng, 2023 yilning 10 mart kuni yigit o‘quv markazidan chiqib, uyiga qaytayotgan qizni o‘zining Damas rusumli mashinasiga o‘tkazib, Toshkentga olib ketgan.


Maqola muallifi

Teglar

toshkent

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing