Toshkentda 26 yashar yigit xotini ishtirokida vahshiylarcha o‘ldirildi
Jamiyat
−
10 Oktabr 2019
38760Joriy yilning 5 oktyabr kuni XATB “Universal bank” Toshkent filiali bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan 26 yashar Abbos o‘ldirib ketildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturaturasi xabar bermoqda.
Bank xodimining murdasi 5 oktyabr kuni soat taxminan 04:30 larda Shayxontohur tumani, Kirkiy ko‘chasida joylashgan uyning yotoqxonasidan, bo‘yin sohasidan dazmol shnuri bilan bo‘g‘ilgan holatda topilgan.
Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, Abbos A.ning o‘limi bo‘yin a’zolarining sirtmoq bilan bo‘g‘ilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiya natijasida yuz berganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 5 oktyabr kuni Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tezkor-tergov harakatlarida aniqlanishicha, Kamola A. turmush o‘rtog‘i Abbos A. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro nizo sababli uni qasddan o‘ldirish haqida qarindoshi Otabek X. bilan jinoiy til biriktirgan. Otabek X. Esa shu yilning 4 oktyabr kuni soat 19:00 larda Abbos A.ning yashash uyiga kelib, xonadon mehmonxonasidagi stol ostiga berkingan. Kamola A. bilan uning turmush o‘rtog‘i Abbos A.ni o‘ldirish uchun qulay fursat kutib, 5 oktyabrga o‘tar kechasi soat 00:30larda yotoqxonaga kirib, Abbos A. uyg‘oq bo‘lganligi sababli uning ustiga chiqib, yuz qismiga chap qo‘li mushti bilan bir necha zarbalar berib, so‘ngra oldindan tayyorlab qo‘yilgan dazmol elektr simi bilan bo‘yin sohasidan bo‘g‘a boshlagan.
Natijada, Abbos A. o‘ziga nisbatan bo‘layotgan tajovuzdan himoyalanib, yaqin qarindoshlarini yordamga chaqira boshlagan vaqtida Kamola A. o‘z turmush o‘rtog‘ining yuz qismiga yostiq bilan bosib, uning nafas yo‘llarini berkitib, Abbos A.ni qasddan o‘ldirishgan.
So‘ngra, Otabek X. xonadonda bo‘lgan marhum Abbos A.ga tegishli 2 ta uyali telefon apparatlari, 500 AQSH dollari va 110.000 so‘m pullarini hamda jinoyat izlarini yashirish maqsadida sherigi Kamola A.ga tegishli 1 dona uyali telefon apparati va tilla taqinchoqlarini qo‘lga kiritib, voqea joyidan yashiringan. Kamola A. esa jinoyati fosh etilishini oldini olish va javobgarlikdan qutilib qolish maqsadida shu kecha unga va turmush o‘rtog‘iga nisbatan noma’lum shaxslar tomonidan bosqinchilik sodir etilganligini aytib, marhumning ota-onasini o‘yg‘otgan.
Tergov davomida Otabek X.ning yashash xonadonida o‘tkazilgan tintuv davomida Abbos A.ning uyidan olib ketilgan tilla buyumlar yerto‘laga yashirib qo‘yilganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Ish bo‘yicha joriy yilning 7 oktyabr Otabek X. va Kamola A.lar jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, ularga nisbatan JKning 97-moddasi 2-qismi “p” bandi bilan ayblov e’lon qilingan va ehtiyot chorasi sifatida “qamoq” qo‘llanilgan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.
LiveBarchasi