“GAI”ga bo‘ysunmagan Gentra haydovchisi YTH sodir etdi
3-sahifa
−
23 aprel 2023
11253Toshkentda Gentra haydovchisi 2 ta mashinaga borib urilib, yo‘l-transport hodisasini sodir etdi. Oqibatda 2 kishi shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Kecha, 22 aprel kuni soat 23:00 larda Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli-Muqumiy chorrahasida 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro S.X. (haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan) Gentra mashinasini boshqarib ketayotganda YPX xodimi jezl va hushtak yordamida to‘xtash ishorasini bergan. Haydovchi inspektorning qonuniy ishorasiga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgan.
Haydovchining xatti-harakati xodimlarda shubha uyg‘otgan. Shundan so‘ng, Cobalt avtomobilida Gentra mashinasining orqasidan kuzatuv olib borilgan va maxsus avtomashinadagi ovoz kuchaytirgich orqali bir necha marotaba haydovchiga to‘xtash ishorasi berilgan.
Haydovchi S.X. esa YPX inspektorlarining qonuniy talabini bajarmasdan Shota Rustaveli-Komil Yashin hamda Bog‘i Bo‘ston-K.Yashin chorrahalarida svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘iga bo‘ysunmasdan belgilangan me’yoriy tezlikni oshirib harakatlangan.
Haydovchi Komil Yashin-S.Sirojiddinov chorrahasida ikkinchi darajali yo‘ldan chiqib, asosiy yo‘ldan kelayotgan skuterga yo‘l bermasdan to‘qnashuv sodir etgan. Shuningdek, Komil Yashin 1-tor ko‘chasidagi uy qarshisida to‘xtab turgan Cobalt rusumli avtomashinaga borib urilib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.
Kuzatuv ishlarini olib borayotgan YPX inspektorlari skuter haydovchisi 2004 yilda tug‘ilgan Yu.A. hamda Gentra'dagi yo‘lovchi 2002 yilda tug‘ilgan I.S.larga birinchi yordam ko‘rsatgan. Shundan so‘ng ular tez tibbiy yordam xodimlari orqali yaqin atrofdagi shifoxonaga olib borilgan.
Mazkur holat yuzasidan hozirgi vaqtda Toshkent shahar IIBB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
LiveBarchasi