Akmal Saidov Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo‘mitasi a’zoligiga saylandi
Jamiyat
−
18 Oktabr 2019
4029O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar nodavlat tashkilotlar va fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi, akademik Akmal Saidov Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi Ijroiya Qo‘mitasi a’zoligiga saylandi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi rasmiy saytida xabar berildi.
Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi a’zolaridan iborat delegatsiyasi Serbiya poytaxti Belgrad shahrida bo‘lib o‘tayotgan Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasining 141-sessiyasi ishida qatnashmoqda.
1889 yilda tuzilgan Parlamentlararo Ittifoq turli davlatlarning milliy parlament guruhlarini birlashtiruvchi xalqaro (hukumatlar qaramog‘ida bo‘lmagan) tashkilotlardan biri hisoblanadi. Parlamentlar o‘rtasidagi aloqalarni rag‘batlantirish va xalqaro tinchlik hamda hamkorlikni mustahkamlash ishida birgalikda faoliyat ko‘rsatish uchun ularni birlashtirish mazkur tashkilotning asosiy vazifalaridan biridir. Ayni vaqtda Parlamentlararo Ittifoqqa 178 davlat parlamentlari a’zo hisoblanadi. 2017 yil 13 oktyabrdan O‘zbekiston Respublikasi mazkur tashkilotdagi a’zoligini qayta tikladi.
Parlamentlararo Ittifoq BMT bilan yaqin xamkorlik qiladi va uning maqsadlari hamda vazifalarini qo‘llab-quvvatlab keladi. Parlamentlararo Ittifoqqa BMTning Bosh Assambleyasi qoshidagi kuzatuvchi-tashkilot maqomi berilgan.
Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasining 141-sessiyasida 2020-2022 yillarga Parlamentlararo Ittifoqning Yevrosiyo guruhidan Parlamentlararo Ittifoqning Ijroiya Qo‘mitasi a’zoligiga Akmal Saidovning nomzodi ilgari surilgan edi.
Bugun, 18 oktyabr kuni o‘tkazilgan yuqori maqomdagi majlisda Akmal Saidov nomzodi tasdiqlanib, u Parlamentlararo Ittifoqning Yevrosiyo guruhidan Parlamentlararo Ittifoqning Ijroiya Qo‘mitasi a’zoligiga saylandi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakilining Parlamentlararo Ittifoqning Ijroiya Qo‘mitasidagi a’zoligi mamlakatga xalqaro parlamentlararo tuzilmalarining faoliyat maydonlaridan samarali foydalanish, o‘zaro manfaatli, uzoq muddatli, konstruktiv xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish, ilg‘or amaliyot bilan tanishish, eng muhimi, O‘zbekiston manfaatlariga oid dolzarb masalalarni faol ilgari surish imkonini beradi.
LiveBarchasi