Toshkentda havo ifloslanishi keskin ortdi
Jamiyat
−
20:20 560 3 daqiqa
Kecha, 18 sentyabr kuni kechki soatlarda Toshkent shahrida atmosfera havosida PM2.5 va, ayniqsa, PM10 zarrachalari miqdorining qisqa muddatli keskin ortishi kuzatildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Maxsus komissiya ma’lumotiga ko‘ra, avtomatik monitoring stansiyalari zarrachalar konsentratsiyasi 18:00 dan keyin ko‘tarila boshlaganligini va 20:00 dan so‘ng sezilarli kuchayganligini qayd etgan. Ifloslanishning eng yuqori darajasi esa 21:00-23:00 oralig‘ida kuzatilgan. Xususan, soat 22:00 da shahar bo‘yicha PM2.5 konsentratsiyasi o‘rtacha 74,5 mkg/m kubni, PM10 esa 243,6 mkg/m kubni tashkil etgan. Poytaxtning ayrim qismlarida avtomatik monitoring stansiyalari PM10 miqdori 555,3 mkg/m kubgacha yetganini ko‘rsatgan. PM10 ning PM2.5 ga nisbatan sezilarli yuqori bo‘lishi ushbu davrda havoda yirik chang zarrachalari ortganini ko‘rsatgan.
Vaziyatni joyida o‘rganish maqsadida 19 sentyabrga o‘tar kechasi Ekologik monitoring milliy markazi O‘zgidromet mutaxassislari bilan birgalikda Mirzo Ulug‘bek tumanining uchta hududida ko‘chma uskunalar yordamida atmosfera havosi sifatini o‘lchagan. Natijada soat 02:15 da Feruza mavzesida PM2.5 – 65 mkg/m kub, PM10 – 77 mkg/m kub, umumiy chang – 90 mkg/m kub; soat 02:25 da Kasaba ko‘chasida PM2.5 – 55 mkg/m kub, PM10 – 63 mkg/m kub, umumiy chang – 70 mkg/m kub; soat 03:01 da Parkent ko‘chasida esa PM2.5 – 61 mkg/m kub, PM10 – 65 mkg/m kub, umumiy chang – 70 mkg/m kub miqdorida qayd etilgan.
Shuningdek, joyiga chiqib o‘tkazilgan o‘lchovlarda azot dioksidi, uglerod monoksidi, ammiak, ftor vodorodi, fenol va formaldegid kabi gazsimon ifloslantiruvchi moddalar kuzatilgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, o‘lchangan ifloslantiruvchi moddalarning maksimal bir martalik konsentratsiyalari belgilangan me’yorlardan oshmagan. Tahlillarga ko‘ra, mazkur holatga bir nechta omillar bir vaqtda ta’sir qilgan. Uzoq davom etgan quruq ob-havo sharoitida tuproq va yo‘l yuzalaridagi changning havoga ko‘tarilishi uchun qulay sharoit yuzaga kelgan. Kechki va tungi vaqtda kuzatilgan harorat inversiyasi va havo almashinuvining sustligi zarrachalarning atmosferaning yer yuzasiga yaqin qatlamida to‘planishiga sharoit yaratgan.
Shu bilan birga, SAMS modeli ma’lumotlarida O‘zbekistonning g‘arbiy va shimoli-g‘arbiy hududlarida PM10 miqdori yuqori bo‘lgan chang massalari kuzatilgan. HYSPLIT modeli asosidagi hisob-kitoblar Toshkentga turli balandliklarda shimol, shimoli-sharq, g‘arb va shimoli-g‘arb yo‘nalishlaridan havo oqimlari kirib kelganini ko‘rsatdi. 23:00 dan keyin atmosfera havosidagi PM2.5 va PM10 miqdori asta-sekin pasaya boshlagan. Avtomatik monitoring ma’lumotlariga ko‘ra, 19 sentyabr soat 04:00 ga kelib shahar bo‘yicha PM2.5 va PM10 ko‘rsatkichlari mos ravishda 22,4 va 61,9 mkg/m kubgacha kamaygan.
Bildirilishicha, 18 sentyabr kechki va 19 sentyabr tungi soatlarda Toshkent shahrida kuzatilgan holat qisqa muddatli chang epizodi xususiyatiga ega bo‘lgan. Quruq ob-havo, mahalliy changning ko‘tarilishi, harorat inversiyasi va sust havo almashinuvi uning shakllanishiga qulay sharoit yaratgan. 23:00 dan keyin avtomatik stansiyalarda konsentratsiyalarning pasayishi hamda 02:15-03:01 oralig‘idagi joyiga chiqib o‘tkazilgan o‘lchovlar chang epizodi asta-sekin susayib borganini ko‘rsatadi.
Prognozlarga ko‘ra, bugun, 19 sentyabr soat 21:00 dan 20 sentyabr soat 04:00 gacha Toshkent shahrida havo sifati vaqtincha yomonlashib, AQI 101-150 – “sezgir guruhlar uchun zararli” darajaga yetishi mumkin. Tonggi soatlarda ifloslangan havo massasi janubi-g‘arbga siljib, soat 08:00-09:00 ga borib havo sifati “o‘rtacha” darajaga qaytishi kutilmoqda.
Hozirda atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilinmoqda.
Live
Barchasi