Toshkent janubida quriladigan yangi aeroport uchun qancha yer ajratilishi ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
03 Sentabr 2025 9953 2 daqiqa
Toshkent viloyatida qurilishi reja qilingan yangi xalqaro aeroportga O‘rta Chirchiq hamda Quyi Chirchiq tumanidan jami 1309,76 gektar yer maydoni ajratiladi. Bu haqda viloyat Kadastr boshqarmasi xabar berdi.
Aeroport uchun ajratilgan sug‘oriladigan yerlar 1075,45 gektarni, bog‘lar 112,69 gektar, yaylov va pichanzorlar 0,65 gektar, boshqa yerlar esa 120,97 gektarni tashkil qiladi.
O‘rta Chirchiq tumanidan jami 790,76 gektar. Shundan:
- sug‘oriladigan yerlar – 609,95 gektar;
- bog‘lar – 112,63 gektar;
- yaylov va pichanzorlar – 0,65 gektar;
- boshqa yerlar – 67,53 gektar.
Quyi Chirchiq tumanidan jami 519 gektar. Shundan:
- sug‘oriladigan yerlar – 465,5 gektar;
- bog‘lar – 0,06 gektar;
- boshqa yerlar – 53,44 gektar.
Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi joriy yilning 1 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga transport sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha axborot berilgan paytda ma’lum qilindi. Unda Toshkent shahriga aviayo‘lovchilar oqimi 2030 yilda 15 millionga yetishi kutilayotgani, lekin bunga hozirgi aeroportning quvvati yetmasligini aytilgandi. Shahar ichida joylashgani sababli uni kengaytirish imkoni ham yo‘q. Shu bois Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurish rejalashtirilgan.
Transport vaziri Ilhom Mahkamovning so‘zlariga ko‘ra, yangi aeroport amaldagi Toshkent xalqaro aeroportidan 17 kilometr masofada, Toshkent–Samarqand yo‘nalishidagi mavjud avtomobil yo‘li va yaqin kelajakda barpo etiladigan pullik avtomagistralga yaqin hududda joylashadi.
Dastlabki bosqichda aeroport yiliga 20 milliongacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi, bir vaqtning o‘zida 169 ta samolyotni qabul qila oladi va soatiga 40 dan ortiq parvoz va qo‘nishlarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.